Ichki ishlar organlari xodimlari nafaqat jismonan kuchli, balki ma’nan baquvvat ham bo‘lishi kerak. Shuning uchun tizimda ma’naviyat darslari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Shu bilan birga sohada xizmat qilayotgan xodimlarning iqtidor va iste’dodlarini yuzaga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Tizimda sportda yuqori natijalarni ko‘rsatayotgan xodimlar bilan birga san’at sohasida o‘ziga xos iste’dod sohiblari ham bor. Ular ichki ishlar organlari tizimida o‘tkaziladigan turli madaniy va ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Vatanimiz Mustaqilligi bayrami arafasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan «San’atda havaskor iste’dodlar» respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.

IIV Madaniyat saroyida avgust oyining oxirgi o‘n kunligida bo‘lib o‘tadigan tanlovda ishtirok etuvchi jamoalar uch shart asosida bellashadi.

Tanishtiruv shartida jamoalar o‘zini tanishtirishga oid ko‘rinishlar, hazil-mutoyiba, kuy-qo‘shiq, raqs va boshqa yumoristik sahna ko‘rinishlari bilan chiqish qiladi.

Ushbu shartda chiqish mazmunan jamoalar nomi, xizmat joyi yoki o‘zlari yashaydigan hudud tabiati, odamlar hayoti, o‘y-kechinmalari, xodimlar orasida uchrab turadigan salbiy illatlarni yumor orqali tanqid qilish, jamoaning boshqa o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar, lavhalar keltiriladi.

Qo‘shiqchilik shartida – jamoa a’zolari maqom, baxshichilik va estrada yo‘nalishlarida yakka yoki jamoaviy tarkibda qo‘shiq ijro etishlari va ushbu qo‘shiqqa o‘z ijodkorligi asosida alohida klip yoki rolik namoyish etishlari lozim bo‘ladi.

Erkin mavzuda esa musiqalar, qo‘shiqlar, she’rlar, taniqli san’atkorlar qo‘shiqlariga o‘xshatmalardan keng foydalangan holda hayotda uchraydigan turli xil qiziq voqeliklar, illatlar, kamchiliklar kulgi ostiga olingan teatrlashtirilgan lavhalar namoyish etiladi.

Sh.Ne’matov, O‘zA