Toshkent shahrida “SHHTga a’zo mamlakatlar mintaqalararo savdosini rivojlantirish istiqboli” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz raisligida tashkil etilgan anjumanda Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev tuzilma doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan eng muhim jihatlarga to‘xtaldi:
– Mazkur forumning nufuzi yil sayin oshmoqda. Tadbirda qatnashganlar soni yuz nafardan ortganini inobatga olib, tashkilotga a’zo mamlakatlar yangi hududlarini sheriklikning ushbu formatiga muntazam jalb qilib borishi kerak.
Birinchi navbatda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Bugun birmuncha beqaror, tez o‘zgaruvchan dunyoda, muammolar davrida yashayapmiz. Oldimizda bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar bisyor. Masalalarni hal etishga qodir harakatlantiruvchi kuch – aynan hududlar. Shu ma’noda eng ustuvor yo‘nalishlarda mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish tadbirning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Pandemiya davom etayotganiga qaramay, O‘zbekiston bilan SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ko‘rsatkichi izchil o‘syapti.
Respublikamizning tashkilotga a’zo davlatlar bilan savdo-sotiq 2021 yil 24 foiz oshdi va 21 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi yarmida mahsulot ayirboshlash hajmi 30 foizga ortib, 12 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan SHHTning Dushanbe sammitida ilgari surilgan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Tashkilot doirasida mintaqalararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Sammitda tasdiqlanishi va qabul qilinishini kutyapmiz.
O‘zbekistonda SHHTga a’zo mamlakatlar ishtirokidagi korxonalar so‘nggi bir necha yil ichida 4 barobar ko‘payganini alohida qayd etish kerak. Mamlakatimizga jalb qilingan investitsiya miqdori o‘tgan yil oxirida 4,6 milliard dollarni ko‘rsatdi. Bu jami xorijiy investitsiyaning yarmidan ko‘pi, degani.
Ushbu natijalar qo‘shma biznesni yo‘lga qo‘yish har tomonlama foydali ekanidan dalolat. Zero, iqtisodiy raqobat keskin kuchayib borishi sharoitida sa’y-harakatni yanada faollashtirish juda muhim.
Samarqand shahrida yangi loyihalar uchun samarali maydonga aylanishi kutilayotgan “O‘zbekiston – SHHT” sanoat zonasi barpo etilmoqda. Mazkur hududda SHHT investitsiya loyihalarini rivojlantirish markazi tashkil qilinadi. Bu jarayondagi asosiy vazifa samarador tashabbuslarni ilgari surish va hayotga tatbiq etish orqali mamlakatlarimizning sanoat, infratuzilma, xomashyo va inson salohiyatini umumiy maqsadimiz yo‘lida safarbar etishdan iborat.
Yana bir yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qishloq iqtisodiyotini faollashtirish.
Rivojlangan umumiy agrosanoat majmuasini shakllantirish SHHT hududi aholisiga sifatli oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berish, tashkilotning jahon qishloq xo‘jaligi bozoridagi mavqeini mustahkamlashda asosiy omillardan biridir.
A’zo mamlakatlarning umumiy maydoni 34 million kvadrat kilometrdan ziyod. Bu juda ulkan, tasavvur qilish mushkul salohiyatga ega hudud. Agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida tizimli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qulay hamkorlik o‘rnatish uchun hamma shart-sharoitni yaratish ustuvor vazifamiz.
Shu bois 2022 yil oxiriga qadar aniq tashabbuslarni ilgari surish, jumladan, SHHTning 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma qishloq xo‘jaligi mintaqaviy dasturini ishlab chiqish va belgilangan rejani tizimli ravishda amalga oshirish mexanizmini yaratish taklif etiladi.
Uchinchi muhim yo‘nalish – bu turizm.
Mamlakatlarimizda mislsiz turistik imkoniyat mavjud, yuzlab noyob tarixiy va madaniy manzillarimiz, tabiiy va me’moriy yodgorliklarimiz bor.
Ekologik, sog‘lomlashtirish va ziyorat turizmini faol rivojlantirishda, aynan, hududlar hal qiluvchi ahamiyatga egaligini, sayyohlarga zamonaviy va qulay sharoit taqdim eta olishini yana bir bor eslatmoqchiman.
Ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish qamrovi oshib borayotganini inobatga olib, virtual sayohat yoki masofaviy xizmat taqdim etish orqali xarajatni kamaytirish, xalqaro tajribani oshirish mumkin, degan fikrdamiz.
Har yili SHHTning Mintaqaviy turizm forumini o‘tkazish an’anasiga asos solish lozim. Epidemiologik tartib-qoidaga qat’iy rioya qilgan holda ilk anjumanni 2023 yil mart oyida Buxoroda uyushtirish taklifini kiritmoqchimiz.
Ishonchim komilki, yuqoridagi tashabbuslarni amalga oshirish kelajakda hududlarimiz iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishiga, aholi farovonligi, turmush darajasi oshishiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbirlari Behruz XUDOYBERDIEV va
Ulug‘bek MAHMIRZAEV yozib oldi.
O‘zA