Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz hayoti uchun g‘oyat muhim masala – davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda, qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishini yaxshi yo‘lga qo‘yishga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, o‘tgan 6 oyda bilim va ko‘nikmalari yetishmagani bois, 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirildi.

Umuman, mas’ul lavozimlarda o‘tirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.

Shu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, so‘nggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun tayyorlandi.

Yig‘ilishda ushbu Qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Birinchi yo‘nalish – davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi.

So‘rovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari (yoki 38 foizi) davlat tizimiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim, degan fikrni bildirgan.

Shu munosabat bilan yil yakunigacha:

– barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;

– bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi;

– ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.

O‘zA