Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stol tennisi bo‘yicha “V” hamda “S” ligalari bo‘yicha musobaqaning mamlakatimiz bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatlarda, Toshkent shahrida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan 136 nafar sportchi ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida mahallalarda yoshlarning ommaviy sport bilan shug‘ullanishlari uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash va sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun tegishli sport infratuzilmasini yaratish ommaviy sportni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi. Aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ular o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali yoshlarning ommaviy sportdagi ulushini oshirish maqsadida har yili besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy etildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilgan musobaqa yakunida “V” ligasi 16-21 yosh toifasida Sirdaryo viloyatidan Xurshid Abdurahimov birinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Jetes Januzaqov ikkinchi, Xorazm viloyatidan  Shahzod Rahimov uchinchi, 22-26 yosh toifasida Toshkent viloyatidan Ravshan Yaqubov birinchi, ushbu viloyatdan Sodir Ikramov ikkinchi, Samarqand viloyatidan Jo‘rabek Aliyev uchinchi, 27-30 yosh toifasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Mamur Sharipov birinchi, Jizzax viloyatidan Musurmon Muradov ikkinchi, ushbu viloyatdan Hayotjon Usmanov uchinchi o‘rinlarni egalladi. “S” ligasi 16-21 yosh toifasida  Sirdaryo viloyatidan Xumoyun Jo‘rayev birinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Anvar Xojiyev ikkinchi, Navoiy viloyatidan Behruz Aslonov uchinchi, 22-26 yosh toifasida Jizzax viloyatidan Sherzod Xonto‘rayev birinchi,  Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Ixtiyar Abdikalikov ikkinchi, Farg‘ona viloyatidan Shamsuddin Burxonov uchinchi, 27-30 yosh toifasida Jizzax viloyatidan G‘ayrat Shukurov birinchi, Sirdaryo viloyatidan Sayfixon Abdiyev ikkinchi, Samarqand viloyatdan Jasur Rashidov uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA