Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi xabar berdi.

Muloqot chog‘ida rahbarlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbolini atroflicha muhokama qildilar.

Toqayev og‘ir geosiyosiy vaziyatga qaramay, Qozog‘istonning muhim strategik hamkori – Rossiya bilan aloqa jadal rivojlanayotganini ta’kidlagan.

– Hurmatli Vladimir Vladimirovich, ushbu nufuzli Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida ishtirok etish taklifingizni mamnuniyat bilan qabul qildim, – dedi Prezident. – Hisobotingizni diqqat bilan tingladim. Bayonot mazmuni va hajmi jihatidan xalqlarimizga berilgan muhim xabar, deyish mumkin. Anjuman qatnashchilari buni juda iliq kutib oldi.

Qozog‘iston yetakchisi, shuningdek, ikki tomonlama sheriklik xususida fikr bildirdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligida aniq loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirishda sezilarli yutuqlarga erishilgani, bu borada munosabat yanada rivoj topishini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqa bundan keyin ham mustahkamlanishini ma’lum qildi.

– Forumga kelganingiz uchun katta rahmat, – deya minnatdorlik bildirdi Putin. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muhim yo‘nalishlar, ayniqsa, iqtisodiy sohada fikr almashishimiz quvonarli voqea bo‘ldi.

Tadbirda Qozog‘iston iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoya 17 milliard dollarni tashkil etishi aytib o‘tildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. O‘tgan yil bu ko‘rsatkich 25 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki uch oyida bu ko‘rsatkich 12 milliard dollardan oshgan.

O‘zA