Mo‘ynoq tumanida “Ralli Mo‘ynoq – 2022” avtomotosport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan musobaqalarda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Dvigatel hajmi 1600 sm3 gacha “A-8” avtomobil klassi bo‘yicha birinchi o‘rinni “Best plyus avto” jamoasi a’zolari Furqat Ahrorqulov, Asqar Hasanov, ikkinchi o‘rinni Samarqand viloyatidan Ilhom va Shuhrat Obidjanovlar, uchinchi o‘rinni Andijon viloyatidan Timur va Qilichbek Narziqulovlar egallagan bo‘lsa, dvigatel hajmi 2000 sm3 gacha “A-9” avtomobil klassida birinchi o‘rinni Jizzax viloyatidan Umid Soatov, O‘tkir Xudayberdiyev, ikkinchi o‘rinni Buxoro viloyatidan Rashid Murodov, Otamurodjon Sobirov, uchinchi o‘rinni Namangan viloyatidan Alikay Xayrullayev, Sherali Abdullayev qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3 gacha “Baggi”, dvigatel hajmi 125 sm3 gacha hamda 500 sm3 gacha mototsikllar yo‘nalishlarida ham g‘oliblar taqdirlandi. “Baggi” bo‘yicha Andijon viloyatidan Ravshan Qobilov birinchi, Qashqadaryo viloyatidan G‘aybullo Musayev ikkinchi, ushbu viloyatdan Suhrob Vosiyev uchinchi, dvigatel hajmi 125 sm3 gacha mototsikllar bahsida Buxoro viloyatidan Donyor To‘rayev birinchi, ushbu viloyatdan Asadbek Rajabov ikkinchi, Qashqadaryo viloyatidan Bunyod Mamatvaliyev uchinchi, dvigatel hajmi 500 sm3 gacha mototsikllar musobaqasida Buxoro viloyatidan Bekzod Halimboyev birinchi, Baxtiyor Ahmedov ikkinchi, Navoiy viloyatidan Adham Temirov uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Dvigatel hajmi  1600 sm3 gacha “A-8” hamda dvigatel hajmi 2000 sm3 gacha “A-9” avtomobil klasslari birinchi o‘rin egalariga 100 million so‘m, ikkinchi o‘rinlarga 30 million so‘m, uchinchi o‘rinlarga 10 million so‘mdan, dvigatel hajmi 2000 sm3 gacha “Baggi”, dvigatel hajmi 125 sm3 gacha hamda 500 sm3 gacha mototsikllar yo‘nalishlarida birinchi o‘rinlarga 10 million so‘m, ikkinchi o‘rinlarga 7 million so‘m, uchinchi o‘rinlarga 3 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi.

Taqdirlash marosimi yakunida ishtirokchilarga san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA