Qozog‘istonning Almati shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha to‘rt kun davom etgan reyting musobaqasi kutilgan va kutilmagan natijalari bilan poyoniga yetdi.
Kutilganidek, mamlakatimiz sportchilari mazkur nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 12 ta bronza medallariga musharraf bo‘lishdi.
Kutilmagan holat, olimpiya o‘yinlarining sovrindorlari bo‘lgan Ixtiyor Navro‘zov va Bekzod Abdurahmonovning Almatidagi “Bashman Shulaq” sport majmuasidagi shiddatli kurashlar omadsiz yakunlandi. Albatta, buning bir qator o‘ziga xos sabablari bo‘ldi. Abdurahmonov “Tokio-2020″dan keyin yangi og‘irlik vazniga o‘tishi, ya’ni, 86 kilogrammda qatnasha boshlashi natijalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Buni hamyurtimizning “taktik” qadami deyish mumkin. Yana bir medal kutgan sportchimiz Ixtiyor Navro‘zov musobaqaning 1/4 finalida amaldagi Yevropa chempioni slovakiyalik Taymuraz Salkazanov bilan ro‘baro‘ kelishi, Navro‘zovning hujumkorligidagi bellashuvda omad Slovakiya vakiliga kulib boqdi. Navro‘zov to‘sig‘idan o‘tgan Salkazanov bahslar yakunida chempionlikni tantana qildi.
Yunon-rum kurashchilarimizdan Abror Ataboyev 67 kg. vazn toifasida oltin medalga egalik qilishi, 55 kg.da Jasurbek Ortiqboyev, 60 kg.da Muhammadqodir Yusupov, 72 kg.da Mahmud Baxshilloyev, 87 kg.da Jalgasbay Berdimuratov, 97 kg.da Rustam Assakalov bronzali bo‘lishi, ayollar kurashida 50 kg.da Jasmina Immayeva, 55 kg.da Shohida Ahmedova kumush medallarga, 53 kg.da Aktenge Keunimjayeva, 57 kg.da Laylo Sobirova, 65 kg.da Ariuxan Jumabayeva kuchli kurashchilar bilan o‘tgan bahslar sarhisobida bronza medallarini qo‘lga kiritishi natijalar e’tiborli ekanligidan dalolat beradi.
Xalqaro sport kurashlari reyting turnirining erkin kurashchilar o‘rtasidagi musobaqalarida vakillarimiz birato‘la 2-3 ta oltin medalni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Ammo, qaysidir bahslarda yosh kurashchilarimizda biroz omad yetishmagan bo‘lsa, qaysi birlarida ruhiy muvozanatning sobit emasligi ta’sir ko‘rsatdi.
65 kilogramm og‘irlikda ikki nafar sportchimiz qatnashdi. Abbos Rahmonovda ham, 17 yoshlilar o‘rtasida Jahon chempioni Umidjon Jalolovda ham musobaqani oltin medal bilan yakunlash imkoniyati mavjud edi. Biroq, Umidjon yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Tulgi Tumur Ochir tomonidan “to‘xtatildi” hamda bronza medaliga ega chiqdi.
Finalgacha barcha bellashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan, bu yo‘lda reyting musobaqalarini qatorasiga besh marta yutgan hindistonlik eng nomdor sportchi Bayranga Puniani dog‘da qoldira olgan Rahmonov oltin medal uchun kurashda mo‘g‘ulistonlik Jahon chempionati sovrindori Tulgi Tumur Ochir bilan bahslashdi. Lekin kumush bilan kifoyalandi.
Shuningdek, ushbu reyting turnirida erkin kurashchilarimizdan Zafarbek Otaxonov(70), Magomed Ibragimov(97), Bobur Islomov(86) bronzali bo‘lishdi.
15 ta davlatning 300 nafarga yaqin sportchilari qatnashgan xalqaro reyting turnirida hamyurtlarimizning olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionlari bilan munosib kurashib, zarur reyting ochkolariga ega bo‘lishi “Parij-2024” olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekanligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Qolaversa, Almati bahslari terma jamoalar murabbiylari uchun har bir vazndagi iqtidorlilarni yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkonini yaratdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA