Yurtimiz qadimiy qadamjolarga boy. Bu zaminda buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilgan. Prezidentimiz tomonidan milliy madaniyatimizni asrab-avaylash, rivojlantirish, yurtimizdagi tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash, o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 10-mart kuni Bahouddin Naqshband majmuasida bo‘lib, bu yerni obod maskanga aylantirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutassaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.
Prezident o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Taomilga binoan o‘tganlarning ruhi poki haqiga Qur’on tilovat qilindi.
Prezident majmuada olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Mas’ul shaxslarga qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-iyul kuni qabul qilingan «Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shavkat Mirziyoyevga mazkur sanalar munosabati munosabati bilan amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» haqida ma’lumot berildi.
Rejaga muvofiq ziyoratchilar uchun «Naqshbandxonlik» tadbirlari, oliy o‘quv yurtlari talabalarining ilmiy-amaliy konfrensiyasi, respublika diniy ta’lim muassasalari talabalarining «Hojagon-naqshbandiya ta’limotida yuksak insoniy fazilatlarning talqini» mavzusida ilmiy anjumanini o‘tkazish belgilangan. Bundan tashqari, «Buxoroning yetti piri: islom sivilizatsiyasida Markaziy Osiyo sufiylik tariqati renessansi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun barcha manbaalardan foydalanish lozimligini ta’kidladi.
Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Orif Revgariy, Romitaniy, Boboyi Samosiy kabi me’moriy majmualarni o‘z ichiga olgan yetti pir ziyoratgohi nafaqat hamyurtlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi.
Davlat rahbariga mazkur majmualarni rekonstruksiya qilish va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha qilinadigan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Unga muvofiq bu majmualar qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino va inshootlar bunyod etiladi. Atroflari obodonlashtirilib, mehmonxona, choyxona, savdo majmualari, avtoturargohlar bunyod etiladi.
Mazkur majmualar o‘rtasidagi umumiy masofa 122 kilometrni tashkil qiladi. Prezident majmualar o‘rtasidagi yo‘llar bo‘yida zamonaviy infratuzilma tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari, Buxoro davlat universiteti huzurida Buxoro tarixini o‘qitadigan maxsus fakultet ochish kerakligini ta’kidladi.
– Yetti pirning orasidagi yo‘llar bo‘ylarida ular haqidagi ma’lumotlar aks etsin. Ziyoratga kelganlar keng ma’lumotga ega bo‘lsin. Buning uchun kadrlar tayyorlashga e’tibor berish kerak, – dedi Prezident.
Davlat rahbari taqdim qilingan loyihalarning barcha jihatlariga e’tibor qaratdi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish topshiriq berdi.