Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida ochilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan ushbu majmuada elektronika, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, tikuvchilik, sartaroshlik-kosmetologiya kabi talab yuqori kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Markazga barcha zamonaviy uskuna va jihozlar Janubiy Koreyadan olib kelingan. O‘quv-mashg‘ulotlar ham ushbu mamlakat dastur va qo‘llanmalari asosida o‘tiladi. Buning uchun 5 nafar koreyalik  murabbiy jalb etilgan. Ayni paytda 240 nafar kishi saboq olmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘quv jarayonlarini ko‘zdan kechirib, yoshlar va xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

– O‘qish, izlanishga hech qachon kech emas. Kelib, kasb o‘rganayotganingiz ertangi kuningizga befarq emasligingizdan dalolat. Biroz qiyin bo‘lar. Lekin o‘zingizni, farzandlaringiz kelajagini o‘ylasangiz, shunga qunt qiling. Qiyinchilik o‘tib ketadi, siz boylik yaratayapsiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari koreyalik murabbiylar bilan ham suhbatlashib, ularga minnatdorlik bildirdi.

Hozirgacha mamlakatimizda bu kabi markazlar Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida bor edi. Farg‘onada tashkil yangi markaz esa vodiy viloyatlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Uzoqdan kelib, kasb o‘rganuvchilar uchun yotoqxona ham barpo etilgan.