Nukusda kurash bo‘yicha 2004-2005 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Uch kun davom etgan chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan polvonlar ishtirok etdi.

Musobaqining ochilish marosimida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Sportni rivojlantirish vazirliklari, Bosh prokuratura va O‘zbekiston Kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Mamlakat chempionatining dastlabki kunida o‘g‘il bolalarning 50-55-60 kg, qizlarning 44-48-52 kg vazn toifasidagi bahslari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning ikkinchi kuni o‘g‘il bolalarning 66-73-81, qizlarning 57-63-70 kg vazn toifalaridagi g‘olib va sovrindorlari nomi ma’lum bo‘ldi.

Chempionatning oxirgi kunida esa o‘g‘il bolalar o‘rtasida 90, -100, +100 kg va qizlar o‘rtasida 78,+78 vazndagi kurashchilar o‘zaro bellashdi. G‘oliblar aniqlandi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi polvonlari yaxshi natijalarga erishdi.

– Musobaqa yuqori saviyada o‘tdi, – deydi qizlar o‘rtasida mamlakatimiz chempioni Shiyrin Toqtarboyeva – Murabbiylar ishonchini oqlab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganimdan xursandman.

Barcha vazn toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrinli o‘rin egalari tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA