2018-yil 10-fevral kuni Toshkentda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 2017-yil 4-6 dekabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasini tuzish haqidagi kelishuvga erishilgan edi.
Komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasining Xavfsizlik kengashlari apparati, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari kiritildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qurol savdosi va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va uyushgan transmilliy jinoyatchilikning boshqa shakllariga barham berish masalalaridagi hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Bojxona bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf qilish, davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi o‘zaro aloqalarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Xavfsizlikni ta’minlash, qo‘shma taraqqiyot va infratuzilma loyihalari, jumladan, Mozori-Sharif – Hirot temir yo‘li hamda Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi qurilishini amalga oshirish, shuningdek, Kobul va Mozori-Sharif shaharlaridagi ishlab chiqarish korxonalari, markazlari, savdo uylari xavfsiz faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining 2017- yil 4-6 dekabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi xavfsizlik masalalari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amalga oshirilayotgan hamkorlikning mantiqiy davomidir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Ahmad Mansurov. – Yig‘ilishda ikki davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, xavfsizlik sohasida ikki va ko‘ptomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Tranzit-transport, infratuzilma, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika va boshqa muhim sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
– Ikki davlat rahbarlarining 2017- yil dekabr oyidagi uchrashuvi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi, – dedi Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hanif Atmar. – Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalar esa O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida kelgusida strategik loyihalarni ishlab chiqish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda uzoq istiqbolli barqarorlikni ta’minlashda tinchlik, izchil taraqqiyot va xavfsizlik masalalarining uzviy bog‘liqligi ta’kidlandi. Shu jihatdan Markaziy Osiyoda tinchlik, hamkorlik va farovonlik hududini yaratish maqsadida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda afg‘on muammosini hal qilishning siyosiy-diplomatik vositalaridan yanada samarali foydalanish orqali Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash muhim ekani qayd etildi.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining ilk yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolandi.