O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Komissiya Raisi Z.Nizomxo‘jayev boshqargan majlisda Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tomonidan Saylov kodeksi normalarining bir xilda qo‘llanilishi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlarning bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish amaliyotini hamda saylov jihozlarining saqlanish holatini manzilli o‘rganish natijalari hamda Markaziy saylov komissiyasining ish rejasining ijrosi to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.
Majlisda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatini o‘rganish natijalari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining axboroti muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilindi. Markaziy saylov komissiyasi ishchi guruhining ma’lumotnomasida berilgan takliflar asosida chora-tadbirlar belgilanishi va amalga oshirilishi yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Majlisda 2022 yil birinchi choragida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bilan ishlash, markaziy saylov komissiyasining huquqiy hujjatlarini tizimlashtirishga qaratilgan ishlar tahlil etildi.
Saylov jarayonlari va saylov qonunchiligini qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, markaziy saylov komissiyasi faoliyatining ochiqligini ta’minlash, saylov tizimi va saylov jarayonlarini keng yoritish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga va saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, saylov jarayonlariga zamonaviy o‘quv texnologiyalari va uslubiy yondashuvlarni tatbiq etish kabi yo‘nalishlarda olib borilgan ishlar muhokama qilindi.
Kelgusida yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun komissiya a’zolari kotibiyat xodimlari mas’uliyatni yanada oshirishlari lozimligi qayd etildi.
Majlisda Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zA