Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘tgan hafta Toshkent investitsiya forumida ko‘p milliard dollarlik shartnomalar va kelishuvlariga erishilganini qayd etdi.

Shuningdek, ko‘plab xorijiy tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish bo‘yicha tashabbus qilgan.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

– bir oy muddatda Yevropa, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Koreya, Yaponiya kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazib, ularning ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, bu ishlarga xorijdagi elchilarimizni ham faol jalb etish;

– erkin iqtisodiy zonalarda ulgurji savdo kompaniyalari faoliyati uchun imkoniyat yaratish va ularga imtiyozlar berish;

– 1 iyulga qadar Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyati va 1 sentyabrga qadar Buxoro va Surxondaryoda qo‘shni mamlakatlar bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi ulgurji savdo hududini tashkil etish topshirildi.

Prezident iqtisodiy kompleks rahbarlariga makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo‘yicha ta’sirchan choralarni davom ettirishga ko‘rsatma berdi.

Buning uchun hudud va tarmoq xarajatlarini 10 trillion so‘mga qisqartirish talab etiladi.

Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:

– moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;

– bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqladi.

Bosh prokuraturaga byudjet tashkilotlarida ushbu xarajatlarning oldini olish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish va viloyat kesimida har hafta Prezidentga axborot berish topshirildi.

– Bu – mablag‘lar olib qo‘yiladi, degani emas. Barcha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu hudud va tarmoqning rivojlantirish dasturiga yo‘naltiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA