Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi

“Turkiston” san’at saroyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va nashr qilingan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomining taqdimotiga bag‘ishlangan “Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit” shiori ostidagi tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

33.JPGMarosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, ilm-fan, madaniyat, san’at namoyandalari, yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi, kitob-albom loyiha muallifi T.Karimova, O‘zbekiston xalq artisti G.Zokirova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi D.Xoljigitova, Ibroyim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi A.Qalibayeva va boshqalar buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov butun faoliyatini, hayotini Vatanimizning ozodligi, tinchlik-osoyishtaligi, xalqimizning, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning baxtli va farovon hayot kechirishi, o‘z orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi uchun baxshida qilganini ta’kidladi.

O‘ta murakkab va tahlikali vaziyatda mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgani va o‘tgan yillar davomida ulkan yutuq va marralarga erishgani, xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning baxtli hayot kechirishi, o‘z orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishi va yorug‘ kelajak sari intilishi xalqimizning aziz farzandi Islom Karimovning jasorati, matonati, mardlik va olijanoblik fazilatlari, noyob iste’dodi, odilligi va donishmandligi, uzoqni ko‘ra bilishi va Vatanimizga, xalqimizga sadoqati, uning kelajagi buyuk bo‘lishiga ulkan va qat’iy ishonchi tufayli ro‘y berdi. Bunday buyuk va olijanob insonning xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish ham sharaf, ham farzdir. Zero, Vatanimiz, xalqimizga butun borlig‘ini baxshida qilib, fidoyilik ko‘rsatib yashagan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning ibratli hayoti va faoliyati xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, mustaqillikka sadoqatli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

34.JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent, Qarshi va Samarqand shaharlarida Birinchi Prezidentimiz haykallari qad rostladi. U kishi uzoq yillar faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning buyuk farzandi, mustaqilligimiz asoschisi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasiga yuksak ehtiromning yana bir namunasi bo‘ldi.

1.JPG

Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirildi. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va nashr qilingan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomi ham qaror ijrosi doirasida nashrdan chiqdi.

Ushbu kitob-albomda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi keltirilgan. Unda shunday so‘zlar bor: “Vaqt va hayotning o‘zi Islom Abdug‘aniyevich Karimov zamonamizning yetuk siyosatchisi, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra oladigan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat tuyg‘usini teran his etadigan atoqli rahbar ekanini har tomonlama isbotladi”.

Kitob-albomda Birinchi Prezidentimizning turli yillardagi faoliyatiga oid noyob suratlari, xorijiy davlatlar rahbarlari, davlat va siyosat arboblari, turli soha vakillarining Islom Karimov haqidagi iliq va samimiy dil so‘zlari joy olgan.

4.JPG

– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillikning ilk kunlaridan buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temurni xalqimizga qaytardi, uni butun dunyoga buyuk davlat arbobi, bunyodkorlik, ilm-fan homiysi va ulug‘ sarkarda sifatida tanitdi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi M.Ahmedov. – O‘zi ham xuddi Amir Temur kabi tinchlikparvar, adolatli siyosat yuritdi, xalq manfaatlari, farovon va baxtli hayot, yorug‘ kelajak yo‘lida umrini baxshida qildi. Islom Karimovning xotirasi butun xalqimiz qalbida mangu yashab, kelajak avlodga buyuk ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

San’at namoyandalari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov so‘zga chiqdi

 

Bayram Aytmurodov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA