Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusida 5 kun davom etgan respublika media forumi o‘z yakuniga yetdi.

Forumning 4-kunida ishtirokchilar uchun Markaziy kon boshqarmasi 7-gidrometallurgiya zavodi va “Muruntov koni”ga press-tur tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “Navoiy kon metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 247,6 million dollar bo‘lgan “Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish (7-GMZ)” loyihasi muhim loyihalardan biridir. 2020 yilda korxonani ishga tushirish davomida 3,3 million tonnadan ortiq texnogen chiqindilar qayta ishlanib, tayyor mahsulot olingan bo‘lsa, bu yil yillik ishlab chiqarish quvvatini 10 million tonnaga yetkazish, kelgusi yildan boshlab esa yiliga 15 million tonnadan oshirish rejalashtirilgan.

– Press-tur davomida 7-gidrometallurgiya zavodining faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida mutaxassislar tomonidan korxonaninng o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi, – deydi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi xodimi Mahiyora Boyboboyeva. – Bu zavodning boshqa gidrometallurgiya zavodlaridan farqi shunda ekanki, bu yerda qo‘llanilayotgan texnologiyalar evaziga qayta ishlangan ma’danni yana qayta ishlab, mahsulot olish imkoniyati mavjud. Qayta ishlash jarayonida faqatgina mahalliy kimyoviy mahsulotlar ishlatiladi. Bu esa ichki bozorning o‘sishiga olib keladi, mahsulot tannarxini arzonlashtiradi. Asosiysi, hozirgi kunga qadar zavodda mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ularga to‘liq yosh kadrlar ishga qabul qilingan ekan.

Shu kuni ommaviy axborot vositalari vakillari “Muruntov” konida ham bo‘ldi. bugungi kunda konning uzunligi 4,3 km, eni 3,2 km, chuqurligi 650 metrga yetib, kon tashkil topgan kundan hozirgacha 2 milliard kub metr tog‘ jinsi qazib olishga erishildi.

2010 yilda konda 53,6 million kub metr ma’dan qazib olingan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 100 million kub metrdan oshdi. Qiymati 733,9 million dollar bo‘lgan “Muruntov” konini o‘zlashtirish (V navbati) 1-bosqich” loyihasi asosida yaqin kelajakda 1,8 mingta yangi ish o‘rini yaratish, ishlab ishlab chiqarish quvvatini 50 million tonnaga yetkazish hamda 1050 metr chuqurlikgacha ma’dan qazib olish ustida ish olib borilmoqda.

– “Muruntov” konida qazib olingan ruda yuk tashuvchi yirik avtoag‘dargichlar hamda tik-qiya konveyerida tashib chiqilarkan, – deydi Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi radio guruhi muharriri Suhbat Matkarimov. – Ochig‘i bunday texnikalarni televizorlarda va internet orqali ko‘rganmiz. Bugun esa o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Aytishlaricha, konda vazni rusumiga qarab qariyb 400 tonnagacha bo‘lgan 136 tonnadan 240 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega “BelAz”, “KAT” va “Komatsu” rusumli mashinalar ishlamoqda. Eng muhimi, bu mashinalarni mahalliy yoshlarimiz boshqarmoqda.

Forumning yakuniy qismiga bag‘ishlangan tadbir “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etildi.

Unda “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruv Kengashi raisi Quvondiq Sanoqulov so‘zga chiqib, keyingi besh yil kombinat uchun yangi taraqqiyot davrini boshlab bergani, bu davrda korxona miqyosida ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlari barpo etish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha keng hajmdagi ishlar bajarilganligini ta’kidladi. Ushbu respublika media forumini an’anaviy ravishda bir yilda 2 marotaba – bahor-kuz mavsumlarida Navoiyda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Tadbirda barcha ishtirokchilarga “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ rahbariyati tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Farhod” madaniyat saroyi ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi esa barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA