Xalqimizning qatʼiy intilishi va ulkan bunyodkorlik salohiyati ramzi

Yangi yirik sanoat inshootlari, tub iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar Oʻzbekistonning dovrugʻini oshirmoqda. Yurtimizga xorijiy sarmoyadorlar manfaatli va ishonchli beznes makoni, chet ellik turistlar bokira goʻzallik timsoli va tarixning betakror guvohi sifatida qarayapti.

Ekspertlar esa bularning barchasi qatorida Oʻzbekiston bunyodkorlik oʻlkasiga aylanganini ham taʼkidlaydi.

Darhaqiqat, yurtimizning qaysi goʻshasiga bormang, qurilish materiallari tashib ketayotgan ulkan yuk mashinalariga, tinimsiz ishlayotgan kranlarga koʻzingiz tushadi. Oʻzbekistonga bir kelgan kishi ikkinchi safar uning tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketganini eʼtirof etayotgani ham haqiqat. Oʻzimizdan qiyos – qaysi shaharda yashashimizdan qatʼi nazar, uning biror koʻchasiga bir-ikki yil bormasak, nogoh yoʻlimiz tushganida adashib qolishimiz rost. Yangi qad rostlagan binolar eski tasavvurdagi moʻljalni buzib yuboradi.

Bir soʻz bilan aytganda, umumeʼtirof etilayotgan iqtisodiy yutuqlar, mutlaqo yangi asosdagi samarali tashqi siyosat barobarida bunyodkorlik ham Oʻzbekiston haqida tilga olinayotgan gaplar, bildirilayotgan fikr-mulohazalarning bosh mavzusiga aylangan.

Buning negizida xalqimizga xos yangilanishga intilish hissi, atrofdagi manzarani goʻzallik bilan boyitish fazilati, ayni paytda katta ishlarga qoʻl ura olish jurʼati mujassamdir.

Toshkent markazida eng zamonaviy standartlarga toʻla mos keladigan muz sporti saroyi barpo etilgani bu fikrning inkor etib boʻlmas yorqin dalilidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 3 fevral kuni “Humo Arena” majmuasiga ramziy tosh qoʻyish marosimida qatnashib, bu kabi zamonaviy sport inshootlari barkamol avlod tarbiyasida alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Oʻtgan vaqt mobaynida davlatimiz rahbari ushbu beqiyos bunyodkorlik jarayoni bilan bir necha bor tanishib, mutasaddi rahbarlarga qurilishni yuqori sifat bilan amalga oshirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

Mana, meʼmordan bogʻbongacha, konstruktordan haydovchigacha, muhandismi yo kranchimi, xullas, bu ulkan ishda qatnashgan barcha-barchaning fidokorona mehnati, xalqimizning buyuk jurʼati natijasida bugun bosh shahrimiz boʻlgan Toshkentimiz, butun Oʻzbekistonimiz shunday javohirga ega boʻldi.

Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalari kesishuvida bunyod etilgan ushbu majmua dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilgʻor texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uygʻunlashib ketgan. Majmua koʻkda parvoz qilayotgan baxt va hurlik ramzi – Humo qushi shaklida barpo etildi.

15 mart kuni ushbu muhtasham sport koshonasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, barchani ushbu qutlugʻ voqea bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarda sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston davlat madhiyasi yangradi.

Majmuaning tantanali ochilish marosimi sport muxlislari yodida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Marosimning bosh gʻoyasi sanʼat va sportni birgalikda uygʻunlashtirishdan iborat boʻldi.

Ochilish marosimi sportchi va sanʼatkorlar hamkorligida tayyorlangan shou dastur bilan davom etdi. Muz maydoni sathida 3D mepping texnologiyasi asosida Humo qushi, bu yerda oʻtkaziladigan sport turlari tasviri namoyish etildi. Sportchi-yoshlar va bolalar koʻrgazmali chiqishlar qildi. Oʻzbekistonning yosh sportchilari va mashhur xokkeychilar oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

“Humo Arena” zamonaviy muz saroyining foydalanishga topshirilishi Oʻzbekiston sporti tarixida yangi bosqichni boshlab beradi.

Qayd etish kerakki, koʻp tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi dunyoga mashhur oʻndan ortiq xorijiy firma va kompaniya bilan hamkorlikda barpo etildi.

Majmuaning konseptual loyihasi Janubiy Koreyaning “Heerim Architects & Planners” kompaniyasi, tom qismining loyihasi Avstriyaning “Oberhofer Stahlbau” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Umuman, inshootni qurish va jihozlashda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Fransiya, Finlyandiya, Rossiya kabi mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnika va texnologiyalardan foydalanilgan.

Inshoot ikki qismdan iborat boʻlib, unda asosiy va mashq muz arenalari joy olgan. Umumiy maydoni 82 ming 250 kvadrat metrdan iborat 6 qavatli inshootning eng baland nuqtasi 40 metr.

Mobil oʻrindiqlar bilan jihozlangan saroyda xokkey oʻyinlarini 12 ming 500, boshqa sport musobaqalarini 14 ming, turli konsert va dam olish dasturlarini 10 ming tomoshabin kuzatadi. Dam olish maskani va ijtimoiy markaz sifatida barpo etilgan muz saroyida turli tadbirlar oʻtkazish mumkin. Xususan, arenada xalqaro xokkey oʻyinlari, kyorling, figurali uchish, short-trek boʻyicha musobaqalar, basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo bahslarini oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, majmuada umumxalq bayramlari, konsertlar, koʻrgazma va forumlar tashkil etish uchun barcha sharoit muhayyo.

Majmuada muhandislik tarmoqlari, yongʻinni oʻchirish, sovutish tizimlari, yoritish, ventilyatsiya, isitish qurilmalari toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, tejamkor texnologiyalar asosida ishlaydi.

Qisqacha aytganda, ushbu inshoot Oʻzbekiston xalqi farovonligi, taraqqiyot va rivojlanish yoʻlida yangi sahifa ochilgani ramzidir.

Marosimda Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti Rene Fazel, dunyoga mashhur sportchi va sanʼatkorlar ishtirok etdi.

 

Ziyodulla JONIBЕKOV, OʻzA muxbiri