Shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha davom etayotgan nufuzli “Aimchess Rapid” onlayn turniri o‘zining hal qiluvchi pallasiga yaqinlashmoqda.

Kecha musobaqada yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov final ostonasida AQSH sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyanga qarshi dona surdi. Shiddatli o‘tgan o‘yinda Nodirbek 2,5:0,5 hisobida raqibini mag‘lubiyatga uchratdi.

Ikkinchi yarim finalda jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik Fabiano Karuanani 2,5:1,5 hisobida dog‘da qoldirdi. Bu esa “Aimchess Rapid” onlayn turniri 1 divizion finalida Nodirbek Abdusattorov va Magnus Karlsen ro‘baro‘ kelishiga olib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, onlayn turnir 1 divizionidagi to‘rtinchi bosqich o‘yinlari 14 iyulga qadar davom etadi. Ushbu bosqichning mukofot jamg‘armasi 235 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, 1 divizionda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 30 ming, 2-o‘rin sohibi 20 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega bo‘ladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA