2017-yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisini shu yilning 27-may kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi, “Sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda senatorlar bir qator xalqaro shartnomalar va konvensiyalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ashxobod, 2017-yil 6-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqadilar.
Shu bilan birga yalpi majlisning kun tartibiga Xorazm viloyatining Xiva shahri va Xiva tumanining chegaralarini o‘zgartirish, Xiva shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi, Shahrisabz shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish to‘g‘risidagi, shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham kiritildi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, bu sohadagi istiqbollar to‘g‘risidagi hisobotini ham tinglaydilar.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda.
O‘ninchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va Devoni faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.