Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida

(yangi tahriri)

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari (bundan buyon matnda bojxona organlari deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining davlat bojxona xizmati 
toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bojxona xizmati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

3-modda. Bojxona organlarining asosiy vazifalari

Bojxona organlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish;

oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va uning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash;

bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish;

bojxona toʻlovlarini undirish;

bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, qonun hujjatlari buzilishlarining, shu jumladan kontrabandaning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish;

tashqi savdo operatsiyalarining monitoringini amalga oshirish, eksport-import shartnomalarining ijrosini tahlil qilish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarining bojxona organlariga taalluqli qismini oʻtkazishda valyuta toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etish;

tovarlarning tashqi savdosiga doir bojxona statistikasini hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasini yuritish;

fuqarolarning bojxona sohasidagi huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish;

bojxona organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazoratning texnik vositalarini qoʻllash;

bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bojxona ishiga taalluqli qismidan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash.

4-modda. Bojxona organlari faoliyatining asosiy

prinsiplari

Bojxona organlari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, yagonalik, ochiqlik va shaffoflik, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilishdan iboratdir.

5-modda. Bojxona organlarining davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar bilan hamkorligi

Bojxona organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar bojxona organlarining oʻz faoliyatini amalga oshirishida, shuningdek bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlariga qarshi kurashishida ularga oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart.

Bojxona organlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi elektron axborot almashinuvidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.

Bojxona organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlar ularning qonuniy talablari boʻyicha davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan bepul asosda taqdim etiladi.

2-bob. Bojxona organlari, ularning huquq va majburiyatlari

6-modda. Bojxona organlari

Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organlardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, bojxona postlari, Oliy harbiy bojxona instituti, shuningdek Milliy kinologiya markazi bojxona organlaridir.

Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga ega boʻlgan yuridik shaxslardir.

Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.

Bojxona organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi va cheklangan shtatlari soni, bojxona postlarining toifalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Bojxona organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi rahbarlik qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi
zarur hollarda bojxona organlarining tashkiliy-shtat tuzilmalariga belgilangan umumiy shtatlari soni doirasida oʻzgartishlar kiritishga haqli.

Bojxona postlari tarkibida bojxona punktlari tashkil etilishi mumkin. Bojxona punktlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan tashkil etiladi va tugatiladi.

7-modda. Bojxona organlarining huquqlari

Bojxona organlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

bojxona nazoratini amalga oshirish uchun maʼlumotlar va hujjatlarni tekshirish, ogʻzaki soʻrov oʻtkazish, axborot olish, bojxona koʻzdan kechiruvini, bojxona koʻrigini va shaxsiy koʻrikni oʻtkazish, shuningdek binolar, hududlar va transport vositalarini koʻzdan kechirish;

tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan soʻng jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini hamda ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazoratini amalga oshirish;

banklardan, moliya organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni soʻrash va olish;

bojxona nazoratini oʻtkazish maqsadida tovarlar hamda boshqa buyumlardan namunalar va nusxalar olish;

bojxonaga oid huquqbuzarliklarning bevosita predmeti boʻlgan tovarlar va boshqa qimmatliklarni ushlab turish hamda olib qoʻyish;

tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;

huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turishni amalga oshirish;

maxsus ruxsatnomalar va litsenziyalar berish;

bojxona organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va nazoratning texnik vositalaridan foydalanish;

bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida mutaxassisni yoki ekspertni jalb etish;

bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.

8-modda. Bojxona organlarining majburiyatlari

Bojxona organlari:

bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;

bojxona toʻlovlari toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi;

bojxona nazoratini tashkil etishi;

tovarlarni va transport vositalarini olib oʻtish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtish chogʻida jismoniy va yuridik shaxslarni ularning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilishi;

oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmasligi;

huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon yaratgan sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish choralarini koʻrishi;

bojxona organlarida korrupsiya va boshqa mansabdorlik jinoyatlari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishi;

davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashishi;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlashi shart.

3-bob. Bojxona organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni qoʻllash

9-moddaJismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni

va oʻqotar qurolni qoʻllash shartlari

Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida jismoniy kuch ishlatish, oʻziga biriktirilgan maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni olib yurish, saqlash va ulardan foydalanish huquqiga ega.

Bojxona organi xodimi maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi, shuningdek jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishi bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy jihatdan yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvdan oʻtishi shart.

Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan bojxona organi xodimiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan tegishli ruxsatnoma beriladi.

Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud ularning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning va bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiradigan hamda boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.

Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslarning xatti-harakatlari xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda bojxona organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.

Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrilishi, ularning qarindoshlari esa yigirma toʻrt soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.

Jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilgan, shuningdek jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat toʻgʻrisida bojxona organining xodimi bevosita boshligʻiga darhol axborot berishi shart.

Bojxona organlari jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanilganligi natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek oʻqotar qurol qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida prokurorga darhol xabar beradi.

Agar jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash ushbu Qonunda belgilangan asoslar boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, bojxona organi xodimi jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash chogʻida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlmaydi.

10-modda. Jismoniy kuch ishlatish

Agar kuch ishlatilmaydigan usullar bojxona organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, u shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida:

bojxona organlarining qoʻriqlanadigan obyektlarini, oʻqotar qurolni va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalarni, transport vositalarini egallab olishga boʻlgan urinishlarga chek qoʻyish uchun;

fuqaroga yoki bojxona organining xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;

qurolli qarshilik koʻrsatishi mumkin boʻlgan shaxsni ushlash, olib borish, qoʻriqlab borish va qoʻriqlash uchun, shuningdek uning qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʻziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;

bojxona organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatishni bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega boʻladi.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno.

11-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash

Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida maxsus vositalarni: xonalarni ochib kirish va transport vositalarini majburiy toʻxtatish qurilmalarini, qoʻlkishanlarni, rezina tayoqlarni, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalarni, shuningdek boshqa maxsus vositalarni va texnikani qoʻllash huquqiga quyidagi hollarda ega boʻladi:

fuqarolarga yoki bojxona organlarining xodimlariga qilingan hujumni qaytarish uchun;

bojxona organlariga tegishli yoki ularning foydalanishida boʻlgan xonaga, binoga (imoratga, inshootga), transport vositasiga, bojxona nazorati ostidagi tovarlarga va transport vositalariga qilingan hujumni qaytarish, xuddi shuningdek ushbu obyektlar egallab olingan taqdirda, ularni ozod qilish uchun;

bojxona organi xodimiga koʻrsatilayotgan jismoniy qarshilikni bartaraf etish uchun;

huquqbuzarlarni ushlash, ularni bojxona organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish uchun, agar mazkur shaxslar jismoniy yoki oʻzgacha qarshilik koʻrsatayotgan boʻlsa;

transport vositasini toʻxtatish uchun, agar mazkur transport vositasi bojxona ishi sohasidagi huquqbuzarlik obyekti ekanligi xususida asoslar mavjud boʻlsa.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi va (yoki) fuqarolarning yoxud bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.

Odamning boshiga, boʻyniga, oʻmrov suyagiga, qorniga, jinsiy aʼzolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish taqiqlanadi.

Bojxona organlari xodimlari qoʻllaydigan maxsus vositalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

12-modda. Oʻqotar qurolni qoʻllash

Bojxona organlari xodimlari oʻqotar qurolni faqat quyidagi hollarda eng soʻnggi chora sifatida qoʻllash huquqiga ega:

fuqarolarni boshqa usullar yoki vositalar bilan himoya qilish imkoni boʻlmaganda – ularni hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi hujumdan himoya qilish uchun;

bojxona organi xodimlari kontrabandaga va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha xizmat majburiyatlarini bajarayotganda – oʻzlarining hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi qurolli hamda boshqa hujumlarni qaytarish uchun;

bojxona organi tomonidan qoʻriqlanayotgan obyektlarga, binolarga (imoratlarga, inshootlarga) qurolli hujumlarni qaytarish uchun;

bojxona organi xodimining qurolni va uning oʻq-dorilarini, portlovchi moddalarni, portlovchi moslamalarni, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish toʻgʻrisidagi qonuniy talablariga boʻysunishni rad etayotgan shaxsni ushlash uchun;

qurolli qarshilik koʻrsatayotgan shaxsni ushlash uchun, agar qoʻllanilayotgan usullar va vositalar qarshilikni samarali qaytarish, shaxsni ushlash yoki qurolsizlantirish imkonini bermasa;

agar transport vositasini boshqarayotgan shaxs bojxona organi xodimining toʻxtash toʻgʻrisidagi qonuniy talablariga boʻysunmasdan fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga tahdid qilsa, shuningdek uni ushlashning boshqa imkoniyatlari mavjud boʻlmagan taqdirda.

Oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval uni qoʻllash niyati haqida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak.

Oʻqotar qurol quyidagi hollarda ogohlantirishsiz qoʻllanilishi mumkin:

qoʻqqisdan qurolli hujum qilinganda, shuningdek harbiy texnika, transport vositalari, uchish apparatlari, daryo kemalaridan foydalanib hujum qilinganida;

transport vositalaridan foydalangan holda kontrabanda ashyolarini noqonuniy olib oʻtgan va boshqa jinoyatlarni sodir etgan qurollangan shaxslar qochganda.

Oʻqotar qurol qoʻllanadigan barcha hollarda bojxona organi xodimi atrofdagi odamlar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha mumkin boʻlgan zarur choralarni koʻrishi, zarur hollarda esa jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatishi shart.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻqotar qurolni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, fuqarolarning yoxud bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga tahdid etib, qurolli qarshilik koʻrsatganligi, quroldan foydalanib transport vositasini egallab olganligi yoki guruh boʻlib hujum qilganligi hamda bunday hujumni boshqa usullar va vositalarni qoʻllash yoʻli bilan qaytarish imkoni boʻlmagan hollar mustasno.

Bojxona organlari foydalanadigan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilari turlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu roʻyxatga kirmaydigan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilari bilan bojxona organlarini qurollantirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

4-bob. Bojxona organlarida xizmatni oʻtash

13-modda. Bojxona organlarida xizmatga qabul qilish

va xizmatni oʻtash

Bojxona organlaridagi xizmatga fuqarolarni qabul qilish, lavozimga tayinlash, ularning bojxona organlaridagi xizmatda koʻtarilishi va boshqa lavozimga oʻtishi ushbu fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.

Bojxona organlaridagi xizmatga, oʻn yetti yoshdan kichik va oʻttiz yoshdan katta boʻlmagan, shu jumladan oʻttiz yoshda boʻlgan, tegishli darajadagi maʼlumotga ega boʻlgan, oʻzining shaxsiy va ishchanlik fazilatlariga, sogʻligʻining holati va jismoniy tayyorgarligiga koʻra bojxona organi xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy asosda qabul qilinadi.

Erkaklar bojxona organlaridagi xizmatga muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni yoxud oliy oʻquv yurtlarida harbiy tayyorgarlikni oʻtagan taqdirda qabul qilinadi.

Alohida hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori yoki farmoyishi, shuningdek roziligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida boshqa davlat organlari va tashkilotlardan xodimlar ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan talablarni inobatga olmagan holda bojxona organlaridagi xizmatga qabul qilinishi mumkin.

Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, xizmatni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga koʻra boʻshatilgan fuqarolar, shuningdek sodir etgan jinoyati uchun qoʻllanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilgan yoki olib tashlangan va oʻziga nisbatan amnistiya akti yoki avf etish qoʻllanilganidan qatʼi nazar, ilgari hukm qilingan fuqarolar bojxona organlaridagi xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.

Bojxona organlaridagi lavozimlar quyidagicha toʻldiriladi:

ofitserlar tarkibi – Oliy harbiy bojxona instituti bitiruvchilari va oliy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan;

serjantlar tarkibi – oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining zaxiradagi ofitserlarini bojxona organlarining serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bojxona organlari xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyruqlari bilan tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan kelishuvga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, Davlat xavfsizlik xizmatining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Milliy gvardiyaning qoʻshinlari va organlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan tuziladigan harbiylashtirilgan tuzilmalarga, shuningdek ichki ishlar organlariga oʻtkazilishi va ular shaxsiy tartibda haqiqiy harbiy xizmatga yoki bojxona organlarida xizmatni davom ettirish uchun tayinlanganligi munosabati bilan qaytarib oʻtkazilishi mumkin.

Chaqiriluvchi boʻlgan, bojxona organlariga xizmatga qabul qilingan harbiy xizmatga majbur Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari harbiy hisobdan chiqariladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining maxsus hisobida turadi. Xizmatdan boʻshatilgan xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida harbiy hisobga qoʻyiladi.

14-modda. Bojxona organlarining xodimlari

Bojxona organlarida xizmat qilayotgan, maxsus unvon berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bojxona organining xodimidir.

Bojxona organlari xodimlarining formali kiyim-bosh namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Bojxona organi xodimiga xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.

Bojxona organining xodimi xizmatni oʻtash davrida siyosiy partiyalar aʼzosi boʻla olmaydi.

15-modda. Bojxona organi xodimining qasamyodi

Bojxona organlaridagi xizmatga qabul qilingan fuqaro quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:

“Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), bojxona organi xodimi vakolatlarini amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga soʻzsiz rioya etishga, uning iqtisodiy xavfsizligini himoya qilishga, oʻz xizmat majburiyatlarimni vijdonan bajarishga qasamyod qilaman”.

16-modda. Bojxona organlari xodimlariga maxsus unvonlar

berish, bu unvonlarni pasaytirish va ulardan

mahrum qilish

Bojxona organlari xodimlariga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:

serjantlar tarkibi – bojxona xizmati kichik serjanti, bojxona xizmati serjanti, bojxona xizmati katta serjanti;

ofitserlar tarkibi:

kichik ofitserlar tarkibi – bojxona xizmati leytenanti, bojxona xizmati katta leytenanti, bojxona xizmati kapitani;

katta ofitserlar tarkibi – bojxona xizmati mayori, bojxona xizmati podpolkovnigi, bojxona xizmati polkovnigi;

generallar tarkibi – bojxona xizmati general-mayori, bojxona xizmati general-leytenanti, bojxona xizmati general-polkovnigi.

Bojxona organlarining serjantlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda «kichik serjant» maxsus unvoni beriladi.

Bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda «katta serjant» maxsus unvoni berilib, ular bu unvonda dastlabki sinov muddati tugab, birinchi ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat qiladi.

Bojxona organi xodimining dastlabki sinov muddati uch oyni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitserlar boʻlgan va bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga mavjud harbiy unvoniga teng maxsus unvon beriladi.

Bojxona organlarining katta ofitserlar tarkibigacha boʻlgan maxsus unvonlar, shu jumladan katta ofitserlik unvonlari ham Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan beriladi.

Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoki faoliyatning tor ixtisoslik turlari boʻyicha koʻp yillik stajga va ish (xizmat) tajribasiga ega boʻlgan fuqarolarni bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash chogʻida ularga birinchi unvon sifatida “mayor” maxsus unvonigacha boʻlgan unvon, shu jumladan “mayor” maxsus unvoni ham berilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishi asosida yoki uning roziligi bilan generallar tarkibi lavozimlariga bojxona organlaridagi xizmatga yuborilgan, maxsus, harbiy va boshqa unvoni boʻlmagan shaxslarga “polkovnik” maxsus unvonigacha boʻlgan unvon, shu jumladan “polkovnik” unvoni ham berilishi mumkin.

«Leytenant» maxsus unvoni quyidagilarga beriladi:

bojxona organlarining ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan, sinov muddatini muvaffaqiyatli oʻtagan shaxslarga;

bojxona organlarining serjantlar tarkibidan ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan shaxslarga;

Oliy harbiy bojxona instituti bitiruvchilariga.

Bojxona organlari generallar tarkibining maxsus unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.

Maxsus unvonda xizmatni oʻtash uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

«kichik serjant» – ikki yil;

«serjant» – ikki yil;

«katta serjant» – muddatsiz;

«leytenant» – ikki yil;

«katta leytenant» – ikki yil;

«kapitan» – uch yil;

«mayor» – toʻrt yil;

«podpolkovnik» – besh yil.

«Polkovnik» va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmatni oʻtash muddatlari belgilanmaydi.

Navbatdagi maxsus unvonlar ushbu moddaning oʻn birinchi qismi bilan belgilangan xizmat muddatini oʻtagan bojxona organlari xodimlariga, ular egallab turgan lavozim boʻyicha nazarda tutilgan unvonga muvofiq beriladi.

Tegishli maxsus unvonda boʻlishning belgilangan muddati oʻtgan bojxona organi xodimi ilgari egallab turgan lavozimidan yuqori maxsus unvonni nazarda tutadigan lavozimga oʻtkazilayotganda navbatdagi maxsus unvonni berish uchun taqdim etiladi.

Bojxona organi xodimining maxsus unvoni pasaytirilgan taqdirda, uning avvalgi unvoni qayta tiklanguniga qadar oʻtagan xizmat muddati navbatdagi unvonni berish muddatiga qoʻshilmaydi.

Xizmat majburiyatlarini namunali bajarayotgan, xizmat burchini bajarishda fidoyilik va qahramonlik koʻrsatgan bojxona organlari xodimlariga bojxona organlari ofitserlar tarkibining maxsus unvonini muddatidan ilgari berish tarzida yoki egallab turgan lavozimi bilan nazarda tutilganidan bir pogʻona yuqori navbatdagi maxsus unvon berish tarzida ragʻbatlantirish chorasi ularning bojxona organlaridagi butun xizmati davrida faqat bir marotaba qoʻllanilishi mumkin.

Bir vaqtning oʻzida muddatidan ilgari maxsus unvon hamda egallab turgan lavozimi bilan nazarda tutilganidan bir pogʻona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Pensiya olish huquqini, shuningdek navbatdagi maxsus unvonni berish imkonini beradigan xizmat yillariga ega boʻlgan, egallab turgan lavozimi boʻyicha eng yuqori maxsus unvoni “kapitan” etib belgilangan, ishda ijobiy tavsiflanadigan bojxona organlarining ofitserlar tarkibidagi xodimlariga xizmatdan boʻshatish bilan bir vaqtda «mayor» maxsus unvoni berilishi mumkin.

Bojxona organlari xodimlariga navbatdagi maxsus unvonlarni berish quyidagi hollarda kechiktiriladi:

xodim Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi ixtiyorida boʻlganda;

xodimda amaldagi intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlganda;

xodim navbatdagi attestatsiyadan shartli ravishda oʻtganida;

xodimga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganda;

xodim egallab turgan lavozimidan intizomiy jazo chorasi sifatida ozod etilganda va boshqa lavozimga oʻtkazilganda – lavozimidan ozod etilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida.

Bojxona organlarining ofitserlar tarkibidagi xodimlariga maxsus unvonini bir pogʻona pasaytirish tarzidagi intizomiy jazo berilishi mumkin. Bunda pasaytirish «leytenant» maxsus unvonigacha amalga oshirilishi mumkin. Maxsus unvonni pasaytirish tarzidagi intizomiy jazo berish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.

Bojxona organi xodimining avvalgi unvoni tiklanguniga va unga navbatdagi unvon berilguniga qadar maxsus unvonni takroran pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Maxsus unvoni pasaytirilgan bojxona organi xodimining avvalgi unvoni, egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, unvoni pasaytirilgan kundan eʼtiboran bir yil oʻtgach Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan tiklanishi mumkin.

Bojxona organlarining generallar tarkibidagi xodimlarining maxsus unvonlarini pasaytirish va tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus unvoni pasaytirilgan va soʻngra tiklangan bojxona organi xodimining maxsus unvondagi xizmat muddati, unvoni pasaytirilguniga qadar oʻtgan xizmat muddati bilan qoʻshib hisoblanadi.

Yuqori yoki teng lavozimga vazifani bajaruvchi etib tayinlangan bojxona organlari xodimlariga ular vazifani bajaruvchi etib tayinlanguniga qadar egallab turgan lavozimiga muvofiq maxsus unvonlar beriladi.

Bojxona organlari xodimlari ilgari egallab turgan lavozimlarning shtat jadvalidagi oʻzgarishlar (shtatlar qisqarishi, unvonlar koʻtarilishi yoki pasaytirilishi) ular vazifani bajaruvchi etib tayinlanganidan yoki oʻqishga kirganidan soʻng inobatga olinmaydi.

Boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yoki maxsus unvonlar va darajalar mavjud boʻlishini nazarda tutuvchi oʻzga organlardan bojxona organlaridagi xizmatga oʻtkazilgan shaxslarga maxsus unvonlar, egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan beriladi.

Bojxona organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni berishda avvalgi ish joyidagi unvonda xizmatni oʻtagan davri inobatga olinadi.

Bojxona organlarining maxsus unvonlar berilgan xodimlariga xizmat qilgan yillari uchun foizli ustamani belgilashda avvalgi ish joyidagi (foizli ustamani toʻlash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat staji inobatga olinadi va mazkur davr bojxona organlaridan boʻshatilgan taqdirda pensiya tayinlash chogʻida umumiy xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.

Sudning hukmi asosida maxsus unvonlardan mahrum qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi. Maxsus unvonni qayta tiklash toʻgʻrisida sudning qarori qabul qilingan boʻlsa, maxsus unvon Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan tiklanadi.

17-modda. Bojxona organlari xodimlarini lavozimga

tayinlash va lavozimidan ozod etish

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimidan ozod etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi
maqomiga koʻra vazirga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari esa tegishincha vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilmagan bojxona organlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan
ozod etish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida bojxona organi xodimi egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi va ikki oygacha muddatga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining ruxsati bilan – ikki oydan ortiq muddatga bojxona organlari ixtiyoriga
olinadi.

Bojxona organlari ixtiyoridagi bojxona organi xodimiga dastlabki ikki oy davomida oxirgi egallagan lavozimi boʻyicha pul taʼminoti, uchinchi oydan boshlab maxsus unvoni boʻyicha maoshi va xizmat yillari uchun ustama saqlanib qoladi. Toʻrt oy oʻtganidan keyin toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.

Bojxona organi xodimi bojxona organlari ixtiyorida boʻlgan muddatga uning kasal boʻlgan (mehnatga layoqatsizlik varaqasi mavjud boʻlganida) va yillik navbatdagi taʼtilda boʻlgan (bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish bundan mustasno) davr qoʻshib hisoblanmaydi. Ushbu taʼtillar davrida pul taʼminotini toʻlash faqat dastlabki ikki oy davomida amalga oshiriladi.

Bojxona organi xodimi bojxona organlari ixtiyorida ikki oydan ortiq boʻlgan davrning bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda umumiy xizmat stajiga qoʻshiladi.

Bojxona organi xodimining yoki uning oila aʼzolarining hayoti va sogʻligʻiga tahdid, shuningdek ularning sogʻligʻi holati tufayli xizmat (yashash) joyini oʻzgartirish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, mazkur xodimni bojxona organlarining boshqa boʻlinmasiga xizmatga oʻtkazish amalga oshiriladi.

Bojxona organlarining oʻzaro qarindoshlik aloqalarida boʻlgan xodimlari (ota-ona, er-xotin, aka-uka, opa-singil, farzandlar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari), agar xizmatni bitta boʻlinmada oʻtash birining ikkinchisiga boʻysunishi yoki nazorati ostida boʻlishi bilan bogʻliq boʻlsa, ular bitta boʻlinmadagi lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas.

Bojxona organi xodimini egallab turgan lavozimidan chetlashtirish haqida jinoyat ishi boʻyicha sud qarori chiqarilganida u egallab turgan lavozimidan ozod etiladi va avvalgi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan quyi yoki teng lavozimga tayinlanadi yoxud bojxona organlari ixtiyorida qoldiriladi.

Egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan xodimni xizmatdan boʻshatish yoki uni avvalgi yoxud teng lavozimga tayinlash toʻgʻrisidagi masala bunga vakolatli boʻlgan boshliqlar tomonidan sud qarori asosida hal etiladi.

Bojxona organi xodimini lavozimdan lavozimga oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

yuqori lavozimga – xizmat boʻyicha koʻtarilish yoki ragʻbatlantirish tartibida;

teng lavozimga – shaxsiy iltimosiga koʻra, sogʻligʻining holati boʻyicha (ichki ishlar organlarining harbiy-tibbiy komissiyasi xulosasi asosida), oilaviy sharoitiga koʻra, sud qarori, xizmat tekshiruvining xulosasi asosida lavozimdan chetlashtirilganda yoki xodimning kasbiy va shaxsiy xislatlarini, egallab turgan lavozimidagi amaliy tajribasini inobatga olgan holda boʻsh lavozimlarni toʻldirish zaruriyati yuzaga kelganida, shuningdek tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida;

quyi lavozimga – xodimning shaxsiy iltimosiga koʻra, sogʻligʻining holati boʻyicha (ichki ishlar organlarining harbiy-tibbiy komissiyasi xulosasi asosida), attestatsiya natijalariga koʻra egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilganda, intizomiy jazo chorasi sifatida egallab turgan lavozimidan ozod etilganda, shuningdek tashkiliy-shtat oʻzgarishlari boʻlganida yoki sud qarori asosida lavozimidan chetlashtirilganligi sababli uni teng lavozimga oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganida.

Bojxona organlarining rahbar lavozimlarni egallagan xodimlari teng lavozimga, shu jumladan boshqa tarkibiy tuzilmaga, qoida tariqasida, egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan soʻng rotatsiya tartibida oʻtkazilishi mumkin.

18-modda. Bojxona organlari xodimlarini tayyorlash,

qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish

Bojxona organlari uchun kadrlar tayyorlash Oliy harbiy bojxona institutida va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.

Bojxona organining xodimi boshqa turdagi kasbiy faoliyat bilan bogʻliq lavozimga tayinlangan taqdirda yoki uni ishning yangi yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlash zarur boʻlganda qayta tayyorgarlikdan oʻtadi.

Bojxona organining xodimi har ikki yilda malaka oshirishdan oʻtadi.

Oliy harbiy bojxona institutining tinglovchilari va kursantlari bojxona organlaridagi xizmatda deb hisoblanadi, bundan chet el fuqarolari mustasno.

19-modda. Xizmatni oʻtash rejimini taʼminlash

Bojxona organlari xodimlari uchun ish vaqti davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshishi mumkin emas. Zarur boʻlgan hollarda, xodimlar kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda xizmatni oʻtashga jalb etilishi mumkin.

Xizmatni oʻtashning odatdagi rejimida olti kunlik ish haftasi nazarda tutiladi, bunda kunlik ish davomiyligi yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan oshmasligi kerak.

Xizmatni oʻtashning kuchaytirilgan rejimi kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi toʻrt soatdan oshmaydigan xizmat belgilanishini nazarda tutadi.

Sutkalik rejimda xizmatni oʻtash uch mahal ovqatlanish hamda kamida sakkiz soat dam olish uchun vaqt berilgan holda yigirma toʻrt soat davomida amalga oshiriladi.

Xizmatni sutkalik rejimda oʻtash chogʻida bojxona organlari xodimlariga ularning xohishiga koʻra, xizmatni oʻtash joyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun belgilangan umumqoʻshin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogi uchun beriladigan kompensatsiya oʻrniga uch mahal bepul ovqat berilishi mumkin, bundan oʻz xizmat vazifalarini doimiy ravishda sutkalik navbatchilik rejimida bajaradigan xodimlar mustasno.

Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimlar joriy etilishi munosabati bilan ish soatlarining (kunlarining) belgilangan normalari oshirilganligi uchun bojxona organi xodimiga pullik kompensatsiya toʻlanadi yoki xohishiga koʻra dam olish kunlari (otgullar) beriladi yoxud bu kunlar har yilgi asosiy taʼtiliga qoʻshiladi.

Kuchaytirilgan va sutkalik rejimlarni joriy etish hamda bekor qilish, shuningdek bojxona organlari xodimlarini jangovar harakatlarda ishtirok etishga jalb etish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.

Dam olish va bayram kunlari xizmat majburiyatlarini bajarishga jalb etiladigan bojxona organlari xodimlariga haftaning boshqa kunlarida dam olish kunlari beriladi.

Bojxona organlarining navbatchilik qismlari sutkalik naryadining xizmati yigirma toʻrt soatga moʻljallab tashkil etiladi.

Navbatchilik vaqtida bojxona organlari navbatchilik qismining xodimlariga ovqatlanish va qisqa muddatli dam olish uchun har bir kishiga umumiy davomiyligi uch smenalik navbatchilikda – olti soat, toʻrt smenalik navbatchilikda – toʻrt soat davom etadigan tanaffuslar navbatma-navbat beriladi.

Smena tugagach, bojxona organlari navbatchilik qismlarining xodimlariga hamda xizmat majburiyatlarini sutkalik navbatchilik rejimida doimiy bajaruvchi boshqa xodimlarga dam olish beriladi.

Bojxona organlarining asosiy xizmat majburiyatlariga qoʻshimcha ravishda sutkalik xizmatga (shu jumladan navbatchilikka) jalb etilgan xodimlariga navbatchilik tugaganidan soʻng kamida yigirma toʻrt soat davom etadigan dam olish vaqti beriladi.

Bojxona organlaridagi xizmat faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda bojxona organining boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan kun tartibi ishlab chiqiladi.

20-modda. Bojxona organi xodimining boshqa organlar

va tashkilotlarga saylanishidagi

(tayinlanishidagi, yuborilishidagi) kafolatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati aʼzoligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organi deputatligiga saylangan (tayinlangan), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek uning roziligiga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborilgan bojxona organi xodimi oʻz majburiyatlarini bajarish (oʻqish) davrida, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bojxona organlarida pul taʼminoti saqlanmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi kadrlarining amaldagi zaxirasiga (bundan buyon matnda kadrlar zaxirasi deb yuritiladi) kiritiladi.

Bojxona organining xodimi saylangan (tayinlangan, yuborilgan) davlat organi uni saylanguniga (tayinlanguniga, yuborilguniga) qadar egallab turgan oxirgi lavozimidagidan kam boʻlmagan miqdorda pul taʼminoti bilan taʼminlaydi, shuningdek xizmat yillari uchun ustama va maxsus unvon boʻyicha maosh toʻlaydi.

Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan bojxona organlari xodimlariga maxsus unvonlar oxirgi egallagan lavozimidan qatʼi nazar beriladi. Majburiyatlarni bajarish (oʻqish) davri bojxona organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni olish huquqini beradigan xizmat yillariga ustama toʻlash, pul taʼminoti (lavozim maoshi va maxsus unvon boʻyicha maoshi summasidan iborat boʻlgan) maoshini belgilash va pensiya tayinlash uchun bojxona organlaridagi xizmat stajiga qoʻshib hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bojxona organlari xodimlari xizmatdan boʻshatilganda, shuningdek ularning oila aʼzolari bojxona organlaridan boʻshatilgan xodimlar bilan teng huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.

Bojxona organlariga qaytgan bojxona organining xodimi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan kadrlar zaxirasidan chiqariladi va avvalgi lavozimiga, teng yoki yuqoriroq lavozimga tayinlanadi.

21-modda. Bojxona organlari xodimlarining attestatsiyasi

Bojxona organlari xodimlarining attestatsiyasi (bundan buyon matnda attestatsiya deb yuritiladi) ularning bilim darajasini va kasbga yaroqliligini, egallab turgan lavozimiga munosibligini xolisona baholash, shuningdek xizmat intizomini mustahkamlash hamda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotganda masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.

Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik vaziyatida oʻtishi lozim.

Bojxona organlarining xodimlari xizmat davrida navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtadi.

Navbatdagi attestatsiyani oʻtkazish davri lavozimga tayinlangan va oxirgi attestatsiyadan oʻtkazilgan kunidan eʼtiboran hisoblanadi.

Navbatdagi attestatsiya uch yilda bir marta oʻtkaziladi.

Bojxona organlarining quyidagi xodimlari navbatdagi attestatsiyadan oʻtmaydi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganlar;

egallab turgan lavozimida bir yildan kam xizmat qilganlar. Mazkur toifadagi xodimlar bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;

xizmat safarida, davolanishda (ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan holda) boʻlganlar va malaka oshirishdan oʻtayotganlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarishga qaytganidan keyin attestatsiyadan oʻtadi;

kadrlar zaxirasiga kiritilganlar. Mazkur toifadagi xodimlar kadrlar zaxirasidan chiqarilib, bojxona organlaridagi lavozimga tayinlangan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach umumiy tartibda attestatsiyadan oʻtadi;

homiladorlik, tugʻish va bolani parvarishlash taʼtilida boʻlganlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarishga qaytgan kundan eʼtiboran kamida bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;

bojxona organlari ixtiyoriga olingan xodimlar. Mazkur toifadagi xodimlar lavozimga tayinlanganidan keyin bir yil oʻtgach attestatsiyadan oʻtadi;

oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlar. Mazkur toifadagi xodimlar xizmat tekshiruvi tugaganidan keyin attestatsiyadan umumiy tartibda oʻtadi.

Navbatdan tashqari attestatsiyadan bojxona organlarining ishda past koʻrsatkichlarga ega boʻlgan, xizmat intizomini qoʻpol ravishda buzgan yoki muntazam buzib kelayotgan, bojxona organi xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi nojoʻya harakatlar sodir etgan xodimlar oʻtadi.

Navbatdan tashqari attestatsiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan qabul qilinadi.

22-modda. Bojxona organlarining xodimlariga

taʼtillar berish

Bojxona organlarining xodimlariga taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur boʻlgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qoʻshilgan, lavozimi va pul taʼminoti saqlangan holda har yili davomiyligi oʻttiz kalendar kun boʻlgan asosiy taʼtil beriladi.

Davlat bayramlari kunlari yillik navbatdagi taʼtilning davomiyligini aniqlashda hisobga olinmaydi.

Bojxona organlari xodimining yillik asosiy taʼtiliga kalendar hisobdagi xizmat yillari uchun:

oʻn yillik xizmatidan soʻng – davomiyligi besh kun;

oʻn besh yillik xizmatidan soʻng – davomiyligi oʻn kun;

yigirma yillik xizmatidan soʻng – davomiyligi oʻn besh kun boʻlgan, haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi.

Bojxona organlarining xodimlariga xizmatining birinchi yilida har yilgi navbatdagi taʼtil kamida olti oy ishlaganidan keyin beriladi.

Har yilgi navbatdagi taʼtil davrida bojxona organi xodimi ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirgan holda davolanishdan oʻtgan hollarda taʼtil davolanish muddatiga uzaytiriladi.

Taʼtildan chaqirib olishga faqat xizmat yuzasidan oʻta zarur hollardagina bojxona organi xodimining roziligi va ushbu xodim boshligʻining yozma qarori bilan yoʻl qoʻyiladi. Taʼtildan chaqirib olingan taqdirda uning foydalanilmagan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.

Agar bojxona organi xodimiga har yilgi navbatdagi taʼtil kalendar yil davomida berilmagan boʻlsa, taʼtil uchun moddiy yordam joriy moliya yilining oxirida toʻlanadi.

Bojxona organi xodimiga yiliga bir marotaba Oʻzbekiston Respublikasi hududida har yilgi navbatdagi taʼtilni oʻtkazadigan joyiga, shuningdek sanatoriy-kurortda davolanish joyiga borishi va qaytishi bilan bogʻliq yoʻl xarajatlarining oʻrni qoplanadi.

Bojxona organlari xodimlariga kasalligi boʻyicha taʼtillar ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida beriladi. Ushbu taʼtilning davomiyligi kasallikning xususiyatiga koʻra belgilanadi.

Kasallik boʻyicha taʼtilda uzluksiz boʻlishning umumiy hisoblanadigan muddati toʻrt oydan oshmasligi lozim. Bunda ayrim kasalliklar boʻyicha davolanishda boʻlish uchun ancha uzoqroq muddat talab qilingan hollarda, bu muddat ichki ishlar organlari tibbiyot muassasasining xulosasi asosida uzaytirilishi mumkin.

Bojxona organlarining xodimlari kasallik boʻyicha taʼtilda uzluksiz boʻlishning belgilangan muddati oʻtgach, bundan buyongi xizmatga yaroqliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun ichki ishlar organlarining harbiy-tibbiy komissiyasida tekshiruvdan oʻtishi lozim.

Bojxona organlari xodimlarining xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida olingan jarohatlarini (kontuziyalar, mayibliklarni) davolashda boʻlgan davri muayyan muddat bilan cheklanmaydi. Mazkur toifadagi shaxslar davolanish tugaganidan soʻng ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida harbiy-tibbiy tekshiruvdan oʻtadi.

Ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida beriladigan kasallik boʻyicha taʼtil davrida bojxona organi xodimining pul taʼminoti saqlanadi.

Kasallik boʻyicha taʼtil har yilgi navbatdagi taʼtil hisobiga kiritilmaydi.

Bojxona organlarining xodimlari xizmatdan boʻshatilayotganda kasallik boʻyicha taʼtil berilmaydi.

Oliy harbiy bojxona institutining akademik qarzdorligi boʻlmagan kursantlariga yetti kun davom etadigan qishki va oʻttiz kun davom etadigan yozgi taʼtillar, shuningdek institutni tamomlashi munosabati bilan oʻttiz kalendar kun davom etadigan taʼtil beriladi.

Bojxona organlari xodimlariga qarindoshlik burchini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek boshqa uzrli sabablarga koʻra oilasidagi kechiktirib boʻlmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish uchun pul taʼminoti saqlanmagan hamda taʼtilni oʻtkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur boʻladigan vaqt hisobga olinmagan holda oʻn kungacha davom etadigan qisqa muddatli taʼtil berilishi mumkin.

Xizmatdan boʻshatilayotgan bojxona organlari xodimlariga foydalanilmagan har yilgi navbatdagi taʼtil uchun boʻshayotgan yilda xizmat qilgan davriga mutanosib ravishda pullik kompensatsiya toʻlanadi. Bunda pensiyaga chiqish huquqiga ega boʻlmagan bojxona organi xodimidan taʼtil uchun avval toʻlangan pullik kompensatsiya summasi boʻshayotgan yildagi xizmat davriga mos ravishda ushlab qolinadi.

23-modda. Bojxona organlaridagi xizmat muddatini uzaytirish,

xizmatdan boʻshatish va xizmatga tiklash

Bojxona organlari xodimlarini xizmatdan boʻshatish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan vakolat berilgan bojxona organi rahbarining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.

Bojxona organi xodimi quyidagi asoslarga koʻra xizmatdan boʻshatiladi:

oʻzining xohishi boʻyicha (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtamaganlar uchun) – xodimning bildirgisi asosida;

xizmatda boʻlishning belgilangan chegara yoshiga toʻlganda;

pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini oʻtaganda – xodimning bildirgisi asosida;

kasalligi boʻyicha – ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xizmatga yaroqsizligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida;

sogʻligʻining cheklanganligi holati boʻyicha – ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xizmatga yaroqliligi cheklanganligi toʻgʻrisidagi va xizmat boʻyicha boshqa lavozimga oʻtkazish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;

dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi sababli;

malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi sababli – attestatsiya natijalari asosida;

xizmat intizomini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi sababli;

bojxona organi xodimining shaʼniga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etganligi sababli;

jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi sababli;

xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlgan taqdirda muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi uchun;

boshqa davlat organiga oʻtganligi sababli (kadrlar zaxirasiga kiritmasdan);

Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganligi yoki chet davlat fuqaroligini olganligi sababli;

xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga (taqiqlarga) rioya etmaganligi sababli.

Bojxona organlaridagi xizmatni oʻtash yoshining chegarasi serjantlar tarkibidagi xodimlar uchun ellik yoshni, ofitserlar tarkibidagi xodimlar uchun – ellik besh yoshni, generallar tarkibi uchun – oltmish yoshni tashkil etadi.

Yuqori kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega boʻlgan va sogʻligʻining holatiga koʻra xizmatni oʻtashga yaroqli bojxona organlari xodimlariga ularning roziligi bilan xizmat muddati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan belgilangan tartibda besh yilgacha, Oliy harbiy bojxona institutida professor-oʻqituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega boʻlgan shaxslarga esa oʻn yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Ilgari bojxona organlarida xizmat qilgan yoxud haqiqiy harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarni qayta qabul qilishda ular yoshining chegarasi qirq besh yoshdan oshmasligi kerak.

Xizmat muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror bojxona organi xodimini ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha xizmatdan boʻshatish imkoniyatini istisno etmaydi.

Quyidagi hollarda bojxona organlari xodimlarini xizmatdan boʻshatishga yoʻl qoʻyilmaydi, agar ular:

tibbiyot muassasalarida davolanishda boʻlsa, ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalari tomonidan vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilgan hollarda;

taʼtilda yoki xizmat safarida boʻlsa;

asirga yoki garovga olingan boʻlsa (oʻz ixtiyori bilan asirga tushish yoki garovga olinish hollari bundan mustasno).

Bojxona organi xodimiga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan, sudda koʻrilayotgan jinoyat ishi boʻyicha toʻxtam qabul qilinmagan yoki sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan boʻlsa, u xizmatdan boʻshatilishi mumkin emas.

Bojxona organi xodimi kalendar hisobdagi xizmat davri yigirma yilga yetganida pensiya olish huquqini beradigan oʻtagan xizmat muddati boʻyicha xizmatdan boʻshash huquqiga ega.

Bojxona organlari xodimlari halok boʻlganligi (vafot etganligi), bedarak yoʻqolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganligi sababli bojxona organlari shaxsiy tarkibi roʻyxatlaridan chiqariladi.

Sodir etgan jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi munosabati bilan boʻshatilgan shaxslarni bojxona organlaridagi xizmatga tiklash, ular gʻayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoxud asossiz boʻshatilganligi tan olingan hollarda, sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining qarori asosida amalga oshiriladi.

Xizmatga tiklanishi lozim boʻlgan shaxslarni shaxsiy tarkib roʻyxatlariga kiritish va lavozimga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining qarori bilan amalga oshiriladi.

Bojxona organlaridagi xizmatga tiklash shaxs boʻshatilgan kunidan tiklangan kuniga qadar boʻlgan davrni hisobga olish sharti bilan avvalgi maxsus unvonini berish, ustamani va oʻtagan xizmat muddatini hisoblash, avvalgi lavozimiga tayinlash yoxud buning imkoni boʻlmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi.

Qamoqqa olingan bojxona organi xodimiga qamoqqa olingan kundan boshlab pul taʼminotini toʻlash toʻxtatib turiladi hamda qamoqdan ozod etilgan kundan boshlab tiklanadi.

Xizmatga tiklanayotgan shaxsga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash sudning qarori asosida amalga oshiriladi.

Ilgari bojxona organlaridan boʻshatilgan shaxslarni xizmatga qabul qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan belgilanadi.

Bojxona organlarida xizmatni oʻtayotgan (shu jumladan kadrlar zaxirasida boʻlgan) bojxona organlari xodimlariga xizmat oʻtash muddati imtiyozli ravishda – bir kuni bir yarim kunga tenglashtirib hisoblanadi.

Oliy harbiy bojxona institutida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining sobiq Bojxona kollejida va Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish davrida xizmat muddatining bir kuni bir kun hisobida hisoblanadi.

Bojxona organi xodimi boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud sudga murojaat etib, oʻzining xizmatdan boʻshatilishi yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.

5-bob. Bojxona organlari xodimlarini huquqiy va

ijtimoiy himoya qilish

24-modda. Bojxona organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari

Bojxona organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasida boʻladi.

Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida oʻzining toʻgʻridan-toʻgʻri va bevosita boshligʻiga boʻysunadi.

Hech kim bojxona organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashish, qonun bilan ularning zimmasiga yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majbur qilish huquqiga ega emas, bundan ushbu vakolatlar qonun bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan shaxslar mustasno.

Bojxona organi xodimi qonunga amal qilishi shart, qonunga zidligi aniq boʻlgan buyruq yoki farmoyish olganda uni bajarishni rad etish huquqiga ega.

Bojxona organlari xodimlari oʻz ish yurituvida boʻlgan ishlar
va materiallarning mohiyati boʻyicha biror-bir tushuntirish berishga, shuningdek bunday ishlar va materiallarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ishlar
hamda materiallarni tanishib chiqish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan boshqacha tarzda taqdim etishga
majbur emas.

Bojxona organlarining xodimlari oʻziga nisbatan qabul qilinayotgan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) yuzasidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Xizmat majburiyatlarini bajarayotgan bojxona organi xodimining oʻz vakolati doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari barcha jismoniy
va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Bojxona organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, ularga qarshilik koʻrsatish, tahdid, zoʻrlik qilish yoki oʻz xizmat majburiyatlarini amalga oshirishi munosabati bilan ularning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.

Bojxona organlari xodimlarining qonuniy talablari yuzasidan shikoyat qilinishi ushbu talablarning bajarilishini toʻxtatib turmaydi.

25-modda. Bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy

himoya qilish turlari

Bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish quyidagilar orqali taʼminlanadi:

sogʻligʻini saqlash;

mehnatiga haq toʻlash;

uy-joy maydoni bilan taʼminlash;

mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;

davlat pensiya taʼminoti;

davlat sugʻurtasi;

ijtimoiy yordam koʻrsatish.

Qonun hujjatlarida bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.

26-modda. Bojxona organlari xodimlarining

va ular oila aʼzolarining sogʻligʻini saqlash

Bojxona organlarining xodimlariga, pensionerlariga va ularning oila aʼzolariga, Oliy harbiy bojxona instituti kursantlariga ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalari tomonidan bepul tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy taʼminot taqdim etiladi hamda tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatiladi.

Bojxona organlarining xodimlari va pensionerlari sanatoriy-kurort sharoitida davolanish uchun yiliga bir marta imtiyozli yoʻllanmalar bilan taʼminlanadi.

Zarur boʻlgan hollarda, shoshilinch tibbiy yordam va rejali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordamni va sanatoriy-kurort taʼminotini tashkil etish, tibbiy tekshiruvni va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

27-modda. Bojxona organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash

Bojxona organlari xodimlariga pul taʼminotining turlari va miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Bojxona organlari xodimlari pul va oziq-ovqat taʼminoti bilan taʼminlanadi.

28-modda. Bojxona organlari xodimlarini uy-joy

maydoni bilan taʼminlash

Uy-joy olishga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb topilgan bojxona organlari xodimlari uy-joy maydoni olish huquqiga ega.

Bojxona organlari xizmat uy-joy fondini tashkil etishi mumkin.

Bojxona organlari xodimlariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.

Bojxona organlari xodimlariga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar olish va yakka tartibda uylar qurish uchun yer uchastkalari olish huquqi beriladi.

29-modda. Bojxona organlari xodimlarining mol-mulkiga

yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash

Bojxona organlari xodimlarining yoki ularning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.

30-modda. Bojxona organlari xodimlarining

davlat pensiya taʼminoti

Bojxona organlari xodimlari, boquvchisini yoʻqotgan taqdirda esa ularning oila aʼzolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda davlat pensiya taʼminotini olish huquqiga ega.

31-modda. Bojxona organlari xodimlarining davlat sugʻurtasi

Bojxona organlarining xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan
boshqa manbalar hisobidan davlat tomonidan majburiy sugʻurta
qilinadi.

32-modda. Bojxona organlarining xodimlariga va ularning

oilalariga ijtimoiy yordam koʻrsatish

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi bojxona organlarining xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan xodimlariga, shuningdek halok boʻlganlarning oilalariga bir marotabalik nafaqa tayinlashga haqli.

Qonun hujjatlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan bojxona organlari xodimlarining farzandlariga ularni bojxona organlaridagi xizmatga va Oliy harbiy bojxona institutiga oʻqishga qabul qilishda afzalliklar berilishi mumkin.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

33-modda. Bojxona organlarining ramzlari

Bojxona organlari bayroq hamda farqlash belgisiga ega boʻlishi mumkin.

Bojxona organlarining bayrogʻi hamda farqlash belgisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

34-modda. Bojxona organlarining moliyalashtirilishi va moddiy-texnika taʼminoti

Bojxona organlarining moliyalashtirilishi va moddiy-texnika taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Bojxona organlari xodimlari bepul formali kiyim-bosh bilan taʼminlanadi. Ashyoviy taʼminot normalari, shuningdek formali kiyim-boshni kiyish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.

Bojxona organlarida byudjetdan tashqari jamgʻarma tashkil etilishi mumkin.

Bojxona organlarining xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarishda maxsus transport vositalaridan, shu jumladan bojxona organlariga tegishlilikni bildiruvchi maxsus yorugʻlik signallariga va tovushli signallarga, boʻyoqli rangli grafik sxemaga ega boʻlgan transport vositalaridan, shuningdek boshqa maxsus vositalardan foydalanadi.

Bojxona organlarining moddiy-texnika va transport taʼminotidan foydalanishi tartibi, shuningdek ularning normalari hamda limitlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.

35-modda. Xalqaro hamkorlik

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning bojxona organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan oʻz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha hamkorlikni amalga oshiradi.

36-modda. Bojxona organlari xodimlarining javobgarligi

Bojxona organi xodimi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladi.

Bojxona organi xodimining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni bojxona organlari tomonidan byudjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi.

Bojxona organlari xodimlari xizmat intizomini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Bojxona organlarining intizomiy ustaviga muvofiq javobgar boʻladi.

Bojxona organi xodimining harakatlari yoki harakatsizligi oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga sabab boʻldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs ushbu harakatlar yoki harakatsizlik ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.

37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining davlat bojxona xizmati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bojxona xizmati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

 

O’zA