Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
 
f a r m o n i
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida (keyingi o‘rinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) qabul qilinayotgan qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari jarayoniga ta’sirini kuchaytirishga yo‘naltirilgan qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Shu bilan birga, belgilangan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ma’lum darajada o‘tgan yillarda shakllangan qonunchilik bazasiga, shuningdek, norma ijodkorligi jarayoni sifatiga bog‘liq.
Ushbu yo‘nalishda mavjud bo‘lgan kamchiliklar turli sohalardagi ijtimoiy munosabatlarni tarqoq holda tartibga solish salbiy amaliyotining davom etishiga olib kelmoqda, bu esa huquqiy kolliziyalar, huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kun voqeligi tizimli muammolarga tezkorlik bilan munosabat bildirishni talab qiladi, ularning yechimlari yo‘qligi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarda aks etmoqda. Biroq, bu borada qo‘llanilayotgan norma ijodkorligi yondashuvi qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga ta’sirini baholash zaruriyatini hisobga olmayapti hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga doir vazifalarga erishishni ta’minlamayapti.
Shu bilan birga, umumiy tusga ega bo‘lgan qonunlar ko‘pligi, shuningdek, ularni amalga oshirishning muayyan mexanizmisiz ayrim qarorlarning qabul qilinishi, umuman davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ijtimoiy munosabatlarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solishga olib kelmoqda.
Tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – Amaliy chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish;
norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
norma ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini qo‘llash;
norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasining quyidagi tartibni belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
davlat organlari tomonidan qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning ko‘tarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi;
qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini qo‘llash, ular kuchga kirgan paytdan e’tiboran ijrosini tashkil etish yuzasidan qo‘shimcha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilishga doir majburiyatlar yuklatilmagan holda amalga oshiriladi;
qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish chog‘ida unga, qoida tariqasida, qonun va qonunosti hujjatlarini takomillashtirish, tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirish, shuningdek, qonun loyihasini keng ko‘lamda tarqatish hamda uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasini ilova qiladi. Bunda, tadbirlar rejasi qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan ma’qullash bilan bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan uning ijrosi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlagan holda tasdiqlanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida ular qabul qilinganidan keyin alohida tadbirlar va nazorat rejalarini, shuningdek, “yo‘l xaritalari”ni qo‘shimcha tarzda tasdiqlamagan holda aniq topshiriqlar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi normalar, muddatlar va mas’ul ijrochilar majburiy ravishda nazarda tutiladi;
yangi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi aynan bir xil yuridik kuchga ega hujjatni bekor qilish bilan bir vaqtda yoki unga taklif etiladigan o‘zgartishlar kiritish orqali, shu jumladan, uni yangi tahrirda bayon etgan holda amalga oshirilishi lozim.
4. Quyidagilarga:
a) O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda uch oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyotini ishlab chiqish;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish hamda ularni manfaatdor idoralar bilan kelishish tartibini tasdiqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda ilgari faoliyat yuritgan Oliy xo‘jalik sudi Plenumining qarorlarini xatlovdan o‘tkazish hamda ularni tizimlashtirish, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida noaniqliklar istisno etilishini ta’minlashni hisobga olgan holda ularni qayta tasdiqlash bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019 yil 1 yanvardan e’tiboran quyidagilarni tugatish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
davlat organlari va tashkilotlarining “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami” va “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami”ga obuna bo‘lish;
“O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami”ni ularni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga (www.lex.uz) o‘tkazgan holda nashr etish, bundan arxivlarda, axborot-resurs markazlarida saqlash uchun, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar talablariga ko‘ra tayyorlanadigan nusxalar mustasno.
6. Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
7. Komissiya (N.Ismoilov):
a) Konsepsiya va Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli ishlab chiqishni va belgilangan tartibda kiritishni ta’minlasin;
b) Konsepsiyani amalga oshirish doirasida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ilmiy doiralar va xorijiy ekspertlarni keng jalb etgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot konferensiyalarini tashkil etsin;
v) bir oymuddatda qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va normativ-huquqiy hujjatlarni quyidagilar asosida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin:
aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi (saylov tizimi, arxitektura va qurilish, ta’lim, investitsiyalar, tadbirkorlik faoliyati va boshqalar) normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish;
amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiq holda ijtimoiy munosabatlarni normativ-huquqiy hujjatlar bilan amaliy va samarali tartibga solish;
normativ-huquqiy hujjatlar darajasida mustahkamlash talab etiladigan yuqori yuridik kuchga ega normalarni belgilash;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish;
umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;
asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarining mavjudligi;
g) ikki oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar normalarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlariga o‘tkazish va “tartibga solish gilotinasi” usulini qo‘llash orqali qolgan hujjatlarni, shu jumladan, qonunchilikni tizimlashtirish doirasida har bir idoraning vakolatini bosqichma-bosqich kamaytirish va bekor qilishni nazarda tutuvchi, ular tomonidan qabul qilinayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning aniq ro‘yxatini belgilash bo‘yicha taklif kiritsin.
d) ikki oy muddatda qonunchilikni tizimlashtirish jarayonida foydalanish maqsadida xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari, ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan xalqaro shartnomalar talablari hamda majburiy tartibda rioya qilinishi kerak bo‘lgan va xuquqiy bazadan chiqarib yuborilmaydigan talablar bo‘yicha yagona ommabop ro‘yxatning shakllantirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar quyidagilarni ta’minlasin:
a) Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini ishlab chiqish va sinov tariqasida ishga tushirish, bunda:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, shu jumladan, ma’sul idoralar, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan loyihalarga elektron ko‘rinishdagi viza qo‘yishni amalga oshirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishish bo‘yicha idoralararo elektron hamkorlikni, shuningdek, ularni ishlab chiqish jarayoni monitoring qilinishini ta’minlash;
loyihalarni jamoatchilik va kasbiy doirada muhokama qilish, shu jumladan, foyda, xarajat va kutilayotgan natijalar tahlilini hamda ularning jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlariga, ijtimoiy sohaga, tadbirkorlik faoliyatiga, atrof-muhit holatiga ta’sirini, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baholash imkonini yaratish;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi tizimini, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutgan holda modernizatsiya qilish:
milliy qonunchilikning mavzuli ma’lumotnomasini takomillashtirish;
havolalar yoki muayyan bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatib bergan havolaki normalarga ega bo‘lgan normativ-huquqiy xujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘shimcha axborot sifatida ko‘rsatish;
fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi, shuningdek, chet el investorlari uchun muhim ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlarning chet tillariga rasmiy tarjimasini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Qonun xujjatlarining ta’sirchanligini baholash tizimi” portalining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi tarkibiy qismi sifatida unga integratsiya qilinishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Fanlar akademiyasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 fevralga qadar muddatda ilmiy ekspert doiralari vakillari, oliy o‘quv yurtlari talabalari va ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar tomonidan ilmiy-tahliliy faoliyat asosida ishlab chiqilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni o‘z ichiga olgan onlayn ommabop axborot tizimini yaratsin va uni muntazam ravishda yangilab borsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Konsepsiya va Amaliy chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli va o‘z vaqtida tayyorlanishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring o‘tkazilishini ta’minlasin;
har oyda Komissiyaga monitoring natijalari to‘g‘risida axborot kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Amaliy chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda mas’ul organlar va tashkilotlarga ilmiy-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Komissiyaga norma ijodkorligi sohasida ilg‘or xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini va huquqni qo‘llash amaliyotini, zarur hollarda, xorijiy (xalqaro) tashkilotlar vakillarini jalb etgan holda o‘rganishni tashkil etishga ko‘maklashsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                        Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 8-avgust