O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–414-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport tibbiyoti sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish orqali sportchilarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish maqsadida:
1.Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport tibbiyoti yo‘nalishini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or innovatsion, ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish orqali o‘quv jarayonlarini sport-ta’lim muassasalari va milliy terma jamoalar bilan uzviy bog‘liq holda tashkil etish;
sport tibbiyoti yo‘nalishida kadrlar tayyorlashda talabalarning amaliy mashg‘ulot darslari hamda amaliyotini Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziдa tashkil etish orqali dual ta’lim tizimini rivojlantirish;
xorijiy mutaxassislar (sport shifokori, sport diyetologi, sport fiziologi, sport farmakologi, sport psixologi)ni jalb qilgan holda sport tibbiyoti sohasidagi xodimlarning malakasini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish;
xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda sport shifokori va sport diyetologi mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini kengaytirish va yanada takomillashtirish orqali sportchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish инфрaтузилмaсиni yaxshilash.
2. Belgilansinki:
a) jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport shifokori va sport diyetologi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasi bosh oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
b) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:
Toshkent tibbiyot akademiyasida “Sport shifokori” va “Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)” bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi;
Toshkent farmatsevtika institutida “Eksperimental va sport farmakologiyasi” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshiriladi.
3.Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) va Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev)ning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Toshkent viloyatida sog‘liqni saqlash sohasi uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash maqsadida:
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakultetini (“Davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi) yanada kengaytirish orqali uni Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial)ga aylantirish;
Filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari (“Davolash ishi”, “Farmatsevtika”, “Pediatriya”) bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalarini Filialga klinik-o‘quv baza sifatida biriktirish;
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Arancha qo‘rg‘oni, A.Yassaviy mahallasida joylashgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi sobiq 3-sonli oilaviy poliklinika, Chirchiq shahri, A.Temur mahallasida joylashgan Chirchiq tibbiyot kollejining bino-inshootlarini tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Filialga beg‘araz berish;
Filialga ajratilgan bino va inshootlarni zaruratga ko‘ra 2024/2025 o‘quv yiliga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent tibbiyot akademiyasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan joriy ta’mirlash va Filialni ushbu ob’ektlarga to‘liq joylashtirish;
b) Filialning sport tibbiyoti bo‘yicha (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan fakultetini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bino-inshootlarining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish orqali sport sohasida kadrlarni kompleks tayyorlash bo‘yicha “Chirchiq sport klasteri” namunasini yaratish.
4.Belgilab qo‘yilsinki:
Filialning sport tibbiyoti fakultetini joylashtirish uchun tegishli bino-inshootlarni ajratish va ularni saqlash xarajatlari hamda talabalarini yotoqxona bilan ta’minlash O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Filialga talabalarni qabul qilish parametrlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Bunda, sport tibbiyoti (“Sport shifokori”, “Sport diyetologi” va “Sport farmakologi”) yo‘nalishlariga qabul parametrlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan taqdim etiladigan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
5.Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) va Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) 2024 yilda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini yaratish, jumladan, zamonaviy laboratoriya, simulyatsiya uskunalari va boshqa uskunalarni xarid qilish va ushbu yo‘nalish uchun Filialga ajratilgan bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash choralarini ko‘rsin.
6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda 2024 yil 1 yanvarga qadar davlat sport-ta’lim muassasalarining yangilangan shtat me’yorlarini tasdiqlasin.
Bunda, “Sport shifokori”, “Sport diyetologi” hamda “Sport farmakologi” mutaxassisligi bo‘yicha shtat birliklariga ehtiyoji mavjud bo‘lgan davlat sport-ta’lim muassasalariga ushbu shtat birliklarini ajratish nazarda tutilsin.
7.Belgilansinki, davlat sport-ta’lim muassasalarining sport shifokorlari, sport diyetologlari va sport farmakologlari Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida belgilangan tartibda bepul malaka oshiradi.
Bunda, ushbu mutaxassislarning malaka oshirishi bilan bog‘liq amaliy darslarRespublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida tashkil etiladi.
8.Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov):
mahalliy va xorijiy mutaxassislar (sport shifokori, sport diyetologi, sport fiziologi, sport farmakologi, sport psixologi)ni jalb qilgan holda doimiy ravishda sport tibbiyoti sohasidagi mutaxassislar uchun o‘quv kurslari, seminarlar va mahorat darslarini tashkil etib borsin;
2024/2025 o‘quv yiliga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda “70910233-Sport tibbiyoti” hamda “70910401-Gigiyena: nutritsiologiya” mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev) bilan birgalikda:
bir oy muddatda milliy terma jamoa a’zolariga tayyorgarlik va musobaqalardan keyingi davrda yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot o‘tkazish xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali orqali sportchilarga yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarida sport sohasini rivojlantirish dasturlari uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishini nazarda tutsin.
Bunda, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitalida yuqori malakali maxsus tibbiy amaliyot o‘tkaziladigan sportchilar kontingenti O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
10.Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyati hokimliklarining Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazning (keyingi o‘rinlarda – Markaz) mintaqaviy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
11.Quyidagilar Markaz va uning mintaqaviy filiallari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
joylarda sportchilarning jismoniy holati va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish, ulardagi o‘tkir, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash;
sport-ta’lim muassasalari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda ularning professional faoliyatiga ko‘maklashish;
sport-ta’lim muassasalariga sport tibbiyoti yo‘nalishida ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish;
sportchilarning kasallik va jarohatlarini davolash, shuningdek, ularga maxsus hamda kompleks tezkor tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida tibbiy-jismoniy tarbiya dispanserlari vazifasini bajarish;
sportchilarning kasallik tarixini o‘zida aks ettiruvchi yagona elektron axborot tizimini yaratish;
olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan professional sportchilarni bir yilda ikki marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va tibbiy monitoring olib borish;
genetik tahlillar natijalaridan kelib chiqib, sportchilarni sport turlariga biriktirish va seleksiya tizimini yo‘lga qo‘yish.
12.Markazning mintaqaviy filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlari hamda byudjetdan tashqari mablag‘lari;
tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramovga Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo hamda boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalariga sportchilarni kompleks tayyorlashga ajratilgan byudjet mablag‘larining bir qismini sportchilarga chuqurlashtirilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun Markaz va uning mintaqaviy filiallariga maqsadli yo‘naltirish huquqi berilsin.
13.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari:
bir oy muddatda Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan binolarni xatlovdan o‘tkazsin hamda ularga Markazning mintaqaviy filiallarini tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin;
uch oy muddatda mintaqaviy filiallarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ularni zarur bo‘ladigan jihozlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
14. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov) bilan birgalikda uch oy muddatda davlat sport-ta’lim muassasalari o‘quvchilari, milliy terma jamoalar a’zolari hamda professional futbol va boshqa sport klublari sportchilarini joriy va chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibini tasdiqlasin.
15.Belgilansinki:
Markaz tibbiy-biologik va tibbiy-psixologik jihatdan musobaqalarga tayyorlashni ta’minlovchi, sport tibbiyoti sohasidagi
o‘quv uslubiy qo‘llanma va o‘quv dasturlarini ishlab chiquvchi ixtisoslashtirilgan sport tibbiyot muassasasi hisoblanadi;
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab sport tibbiyoti sohasidagi o‘quv dasturlari va uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish bevosita Markaz ishtirokida amalga oshiriladi.
16.Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda 2024 yildan boshlab har yili sport-ta’lim muassasalari xarajatlarini moliyalashtirishda sport-ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan sportchi-o‘quvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
17.O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.
18.Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramov hamda sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 28 iyul