O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
Ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi O‘zbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni realizatsiya qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqishni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash, tuzilmalarini takomillashtirish va shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlari faoliyatida raqamli texnologiyalar, ochiqlik va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 3-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlarining moddiy-texnika ta’minotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 4-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlarining kadrlar salohiyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 5-ilovaga muvofiq;
Davlat boshqaruvi organlarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 6-ilovaga muvofiq;
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 7-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
2. Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ma’muriy islohotlarni amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlarining faoliyati o‘zaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymasligini ta’minlash, shuningdek, ishchi guruhlari ishini puxta va sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularning qo‘shimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, inspeksiyalar, markazlar va boshqa davlat boshqaruvi organlari (keyingi o‘rinlarda – vazirlik va idoralar)ning davlat siyosatini amalga oshirish, nazorat funksiyalarini bajarish, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi funksiyalarini bo‘lish;
vazirlik va idoralar faoliyatida aniq ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlarga erishish tizimini joriy qilish;
davlat boshqaruvi asoslari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining zamon talablariga mos ravishda puxta ishlab chiqilishi hamda kiritilishini ta’minlash.
3. Ishchi guruhlar rahbarlari R.Q.Davletov, Sh.X.Shermatov, T.A.Ishmetov, O.A.Xasanov, N.T.Yo‘ldoshev, D.A.Kuchkarov 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar 8-ilovada belgilangan asosiy ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilishini ta’minlasin.
4. 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturining loyihasini ishlab chiqish sxemasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
mazkur farmoyishning 2-7-ilovalariga muvofiq tashkil qilinayotgan ishchi guruhlari tomonidan tayyorlangan takliflar ishchi guruhi rahbarining imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi;
takliflar taqdimot ko‘rinishida taqdim qilinadi hamda ularga tahliliy ma’lumotnoma va jadvallar, rivojlangan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish bo‘yicha ma’lumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ilova qilinadi (keyingi o‘rinlarda – taqdimot materiallari);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Vazirlar Mahkamasi hamda ishchi guruhlari bilan birgalikda taqdim qilingan taqdimot materiallarini ko‘rib chiqadi hamda Komissiyaga kiritadi;
Komissiyaning yig‘ilishida taqdimot materiallarini shaxsan ishchi guruhlari rahbarlari taqdimot qiladi.
6. Belgilansinki, ishchi guruhi a’zolari asosiy ish joyidagi vazifalardan to‘liq ozod qilinadi hamda tegishli davr mobaynida ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha shart-sharoitlar saqlab qolinadi.
Vazirlik va idoralar rahbarlari ikki kun muddatda ishchi guruhlari tarkibiga kiritilgan a’zolar belgilangan tartibda o‘z ishida to‘liq faoliyat yuritishini ta’minlasin.
7. Ishchi guruhlari rahbarlari R.Q.Davletov, Sh.X.Shermatov, T.A.Ishmetov, O.A.Xasanov, N.T.Yo‘ldoshev, D.A.Kuchkarov:
uch kun muddatda tashkiliy yig‘ilishlarni o‘tkazib, tegishli yo‘nalish doirasida belgilangan vazifalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha savolnoma, tarmoq grafigi va taqdimot materiallari namunalarini tasdiqlasin hamda ishchi guruhi a’zolarining vazifalar taqsimotini belgilasin;
ishchi guruhlari faoliyatini samarali tashkil qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirsin;
har kuni tegishli ishchi guruhlari tomonidan tayyorlanayotgan takliflarning muhokamasini tashkil etib borsin, zarur hollarda, ushbu ishlarni boshqa ishchi guruhlari bilan birgalikda amalga oshirsin;
takliflarni tayyorlash jarayonida ishchi guruhlari o‘rtasida samarali va doimiy kommunikatsiya hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
2022 yil 20 yanvarga qadar ishchi guruhlari tomonidan har tomonlama asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishini va ularning manfaatdor vazirlik va idoralar, shu jumladan, mahalliy hokimliklar bilan kelishilishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini ta’minlasin.
8. Ishchi guruhlari rahbarlariga:
belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish;
jurnalist va blogerlarni jalb qilish hamda tayyorlanayotgan takliflarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish, belgilangan vazifalar bo‘yicha so‘rovnomalar tashkil qilish huquqi berilsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov):
ishchi guruhlarining so‘rovlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda tegishli masalalar yuzasidan rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur o‘rganib, ular bo‘yicha ma’lumotlarning tezkor taqdim etilishini ta’minlasin;
ushbu ma’lumotlarni tayyorlashda xorijiy davlatlarning nufuzli ekspertlari, olimlari va mutaxassislari bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish (shu jumladan, videokonferensaloqa shaklida), ulardagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarni tarjima qilish choralarini ko‘rsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlaridan ma’muriy islohotlar yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborotlar va hisobotlar, shuningdek, tavsiya va takliflarini so‘rab olsin va ishchi guruhlariga taqdim etsin, zarur hollarda, ularning tajribali ekspertlarini ishchi guruhlari faoliyatiga jalb qilishga ko‘maklashsin;
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda zarur hollarda ishchi guruhlari a’zolarini rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.
Bunda, ishchi guruhlari a’zolarini xorijga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
10. Komissiya (A.N.Aripov, Z.Sh.Nizomiddinov):
2022 yil 10 fevralga qadar taqdimot materiallarini ko‘rib chiqsin;
2022 yil 20 fevralga qadar har bir yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot qilsin;
2022 yil 1 martga qadar 2022-2023 yillarda Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 22 noyabr.