O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirish, respublika, viloyat, tuman va shaharlarda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari va manzilli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlarini bevosita mahalla darajasiga tushirish maqsadida:

1. 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada (keyingi o‘rinlarda – mahallalar) tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchisi) lavozimi ta’sis etilsin.

2. Quyidagilar hokim yordamchilarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

mahalladagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatini hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi va ehtiyojlarini tahlil qilish;

mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo‘yicha ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlarni belgilash, ularni ishga solish orqali mahallaning iqtisodiy ривожланishини ta’minlash;

doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish;

mahalladagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mavsumiy ishchilarga bo‘lgan talabini aniqlash orqali ishsizlarni, birinchi navbatda, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;

mahallada istiqomat qiluvchi aholining oilaviy tadbirkorligini rivojlantirish, jumladan, ularning hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda ko‘maklashish;

mahallaning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratishни tashkil etish, ularga tadbirkorlik bilan mustaqil shug‘ullanish tajribasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ularga biriktirish;

aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

mahalladagi ish bilan band bo‘lmagan aholining tadbirkorlik va doimiy daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga issiqxona qurish, tomorqasini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zo bo‘lish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara to‘lovi hamda kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishi uchun subsidiyalar olishda ko‘maklashish;

mahalladagi bo‘sh bino va yer maydonlarini aniqlab, ularni belgilangan tartibda tadbirkorlik sub’ektlariga ajratish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga takliflar kiritish;

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarning (muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulanish va ulardan foydalanish, turli xil faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun ruxsatnomalar va litsenziyalar olish, bo‘sh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun ajratish va boshqalar) tegishli tashkilotlar tomonidan hal etilishini tashkil etish.

Barcha vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari hokim yordamchilariga ularning vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berish uchun shaxsan mas’ul va javobgar hisoblanadi.

3. Quyidagilar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati negizida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik);

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha vakolatli ofislari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari negizida Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari;

tumanlar va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari negizida tuman (shahar) hokimliklari tarkibida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) tashkil etilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Agentlikka Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Agentlik huzurida bir yil muddatga doimiy faoliyat yuritadigan “Mahallabay ishlash shtabi” tashkil etiladi;

Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi rahbarlarining tegishli o‘rinbosarlari bir yil muddatga boshqa barcha vazifalarni bajarishdan ozod etilgan holda “Mahallabay ishlash shtabi”ga xizmat safariga yuboriladi.

4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochiladigan Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish vazifasi yuklansin.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘’ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;

hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalari orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;

nomzodlarning intiluvchanligi, maqsadga yo‘nalganligi, qobiliyati, tajribasi kabilarni xususiyatlarini inobatga olgan holda tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

6. Vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlariga hokim yordamchilari lavozimiga tayinlangan xodimlarning avvalgi ish joyidagi lavozimini ikki yilgacha muddatga saqlab qolish, mazkur davrda ushbu lavozimga boshqa shaxslarni muddatli mehnat shartnomasi asosida vaqtincha ishga qabul qilish tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hokim yordamchilarini:

ish faoliyati natijalariga ko‘ra Milliy kadrlar zaxirasiga kiritsin;

ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining takliflariga asosan hokim yordamchilarini tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazishga ruxsat berilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining:

“Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniни ta’sis etish;

hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslarni ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda joylarda “inson qadri uchun” shiori bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘zining faol ishtiroki, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha tashabbuslari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan mahallalar va hokim yordamchilarini rag‘batlantirib borish maqsadida “Eng namunali mahalla” va “Faol hokim yordamchisi” kabi ko‘rik tanlovlarning muntazam o‘tkazib borilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tashkiliy tuzilmasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

11. Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M.Xolxo‘jayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur farmon asosida joriy etilayotgan tizimning samarali tashkil etilishini, ish faoliyatida aniqlanadigan muammolarning joyida hal qilishini ta’minlasin.

12. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi:

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;

ikki oy muddatda Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                  Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 3 dekabr