O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlarni davom ettirish hamda moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash xarajatlarini byudjet mablag‘lari hisobidan qoplash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6260-son Farmonida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2021 yilning avgust oyida aholining quyidagi qatlamlariga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam (keyingi o‘rinlarda – bir martalik moddiy yordam) ko‘rsatilsin:

boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga;

nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga.

2. Mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga bir martalik moddiy yordam pullarini to‘lash xarajatlari – respublika byudjeti mablag‘lari;

byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va boshqa organlardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning
18 yoshga to‘lmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarini to‘lash xarajatlari – byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda vazirlik va idoralarga ajratilgan byudjet mablag‘lari.

3. Quyidagilar bir martalik moddiy yordamning ushbu qarorga muvofiq maqsadli va manzilli yetkazilishini ta’minlash yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari – “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari sonidan kelib chiqib, to‘lov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining joriy yil 25 avgustga qadar manzilli yetkazilishini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha;

byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, sud hokimiyatining oliy organlaridan – tegishliligi bo‘yicha boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va nafaqasi oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga bir martalik moddiy yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) to‘lash uchun belgilangan muddatlarda va manzilli yetkazilishini tashkil etish bo‘yicha;

Moliya vazirligi – zarur mablag‘larning O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan o‘z vaqtida ajratilishi bo‘yicha.

4. Moliya vazirligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021 yil 1 oktyabrga qadar axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 30 iyul