Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli Tatyana Akbarovna!
Muhtaram Qashqadaryo ahli!
Shu kunlarda mamlakatimizda buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqil O‘zbekiston davlati asoschisi, Birinchi Prezidentimiz hurmatli Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 80 yillik tavallud sanasi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida, mehnat jamoalari, ta’lim maskanlarida yubiley tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bugun qadimiy va go‘zal Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali ochilayotgani, albatta, bejiz emas. O‘ylaymanki, barchamiz, ayniqsa, siz, azizlar bir haqiqatni yaxshi bilasiz: Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryoni, uning mard va olijanob elini buyuk bir mehr bilan sevar, bu zaminni Vatan ichra Vatanim, deb ardoqlar edilar.
Birinchi Prezidentimiz siyosiy faoliyatining unutilmas sahifalari aynan shu zamin bilan bog‘liq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. U kishi yaqin tariximizning eng qiyin va murakkab davrida – 1986-1989-yillarda Qashqadaryo viloyatiga rahbarlik qildilar.
Tarixda “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” deb nom olgan siyosiy kampaniyalardan eng ko‘p azob chekkan Qashqadaryo viloyati uchun Islom Abdug‘aniyevichning rahbar bo‘lib kelishi Yaratganning beqiyos marhamati bo‘lgan edi.
Turli zug‘um va qatag‘onlar avj olgan o‘sha qaltis zamonda u kishi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, chinakam mardlik va jasorat fazilatlarini namoyon etdilar.
Islom aka ming-minglab begunoh odamlarni zulm changalidan qutqarib olganini Qashqadaryo ahli hech qachon unutmaydi.
Mehnatkash va matonatli bu el Islom Abdug‘aniyevichni o‘z farzandidek qabul qilib, unga tuz-nasiba bergani, ozodlik va adolat yo‘lidagi kurashlarda unga kamarbasta bo‘lgani – bu ham haqiqat.
Islom aka Qashqadaryoga kelsa, o‘z uyiga kelgandek, bu yerdagi odamlarni ko‘rganlarida, eng yaqin qadrdonlarini ko‘rgandek yayrab ketishlariga barchamiz ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.
Ulug‘ Yo‘lboshchimiz Qashqadaryo – bu Olloh nazari tushgan yurt, O‘zbekistonning behisob boyliklarga ega xazinasi, deb ta’riflar edilar. Qashqadaryo ahlini esa har qanday sharoitda ham ishonsa bo‘ladigan, mehr-oqibat va odamiylikni joyiga qo‘yadigan jasur va mardona el, deb e’zozlar edilar.
Chiroqchidagi oddiy cho‘pondan tortib, Shahrisabzdagi mohir ustalargacha, Muborakdagi gazchilar, G‘uzordagi mirishkor fermerlardan tortib, Qamashidagi polvonlar, Dehqonoboddagi baxshilargacha – hammasi Islom akaning ko‘ngliga yaqin va qadrli edi.
U kishi siz, azizlarning ezgu fazilatlaringiz uchun doimo minnatdor bo‘lib yashadilar. Yaxshilikning qadriga yetadigan Qashqadaryo eli ham o‘ziga doimo yelkadosh bo‘lgan, shu zaminga buyuk farzandlik mehri bilan yashagan Islom Karimov bilan hamisha faxrlanadi.
Sizlar bilan 2016 yil 16 noyabrda, Prezident saylovi arafasida bo‘lgan uchrashuvda Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimiz haykalini barpo etish haqida kelishib olgan edik.
Bugun ana shu ezgu niyatimiz amalga oshmoqda. Islom Abdug‘aniyevichning bu qutlug‘ maskanda ochilayotgan ulug‘vor siymosida u kishining o‘zi sevgan Qashqadaryo zaminiga yuksak mehri va e’tiborini ko‘rib, his qilib turibmiz.
Sizlarga ma’lum, Birinchi Prezidentimizning Toshkent va Samarqand shaharlarida barpo etilgan muazzam haykallari bugungi kunda yurtdoshlarimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga aylandi.
Ishonchim komil, bugun Qarshi shahrida ochilayotgan muhtasham obida ham Qashqadaryo ahli, butun el-yurtimiz katta mehr va hurmat bilan talpinadigan tabarruk maskanga aylanadi.
Aziz do‘stlar!
Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryo viloyatini O‘zbekistonning rivojlangan mintaqalaridan biriga, Qarshi va Shahrisabzni dunyodagi eng go‘zal shaharlarga aylantirishni istar edi.
Ana shu ulug‘ maqsadni amalga oshirish uchun mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahbarligida juda ko‘p ishlar qilindi. Ayniqsa, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li kabi noyob inshootlar aynan Islom Karimov nomi bilan bog‘liq ekanini barchamiz chuqur minnatdorlik bilan eslaymiz.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Qarshi va Shahrisabz shaharlarining 2700 yillik, Sohibqiron Amir Temur bobomizning 660 yillik tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
U kishi imzo chekkan tarixiy qarorga muvofiq, Qashqadaryo ahli, butun xalqimizning fidokorona mehnati bilan Shahrisabz shahrida juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma’lum. Qashqadaryo viloyatida bu ishlar hozirgi kunda yanada keng miqyosda davom ettirilib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Viloyat hududida o‘nlab zamonaviy korxonalar, yo‘l va ko‘priklar, yangi-yangi ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Ayniqsa, Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Abu Mu’in Nasafiy bobomizning yodgorlik majmuasini barpo etish, shu yilning kuz oyida Shahrisabzda xalqaro maqom anjumanini o‘tkazish va boshqa katta loyihalar bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda.
Bunday ulkan ishlardan xalqimiz rozi bo‘ladi, muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning ruhlari shod bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!
Birinchi Prezidentimiz ilk bor 1986 yilda – yurtimiz osmonini qora bulut qoplagan qaltis bir paytda Qashqadaryoga kelgan edilar. O‘sha davrdan boshlab umrining so‘nggi kunlarigacha bu saxovatli zamin bilan, uning olijanob xalqi bilan birga bo‘ldilar.
Aziz Yurtboshimizning viloyatlarimizga qilgan oxirgi tashrifi ham aynan Qashqadaryo vohasiga bo‘lgan edi. O‘ylaymanki, bunda ham juda katta ma’no bor.
Bugun ochilayotgan muhtasham haykal timsolida Islom Abdug‘aniyevich o‘zi uchun behad qadrli bo‘lgan Qashqadaryo ahliga tinchlik-omonlik, baxt-saodat tilab, go‘yo bu qutlug‘ zaminga farzandlik mehri bilan ta’zim qilayotgandek tuyuladi.
Oradan yillar, asrlar o‘tadi, bu muazzam obida barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun xalqimiz va Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish ramzi bo‘lib qoladi, Qashqadaryo ahlini buyuk marralarga da’vat etib turadi.
Fursatdan foydalanib, bu go‘zal va betakror majmuani barpo etishda ishtirok etgan haykaltarosh va me’morlarga, quruvchilarga, bu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga, butun Qashqadaryo ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Mustaqil Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Qashqadaryo zamini hamisha gullab-yashnasin!
Islom Abdug‘aniyevichdek mard va fidoyi insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Ulug‘ ustozimizning oxiratlari obod bo‘lsin!
Yana bir bor katta rahmat sizlarga!