Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida erkaklar va ayollar o‘rtasida voleybol bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi bahslari yakunlandi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘n sakkizinchi marta tashkil etilgan mamlakat chempionatida 16 jamoa g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda Jizzax davlat pedagogika instituti jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2 o‘rinni Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi egallagan bo‘lsa, Urganch davlat universiteti qizlari 3 o‘rinni band etdi.

2021 yilning eng so‘nggi musobaqasi bo‘lgan mazkur chempionatning erkaklar o‘rtasidagi bahslari ham keskin qarama-qarshiliklarga boy o‘tdi. Chempionatda yuqori darajali o‘yin namoyish etgan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining “UZTELECOM” jamoasi g‘olib chiqib, voleybol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi sohibiga aylandi.

Musobaqada 2 o‘rinni Olmaliqning OKMK jamoasi qo‘lga kiritdi. 3 o‘rin Farg‘ona viloyatining “Buvayda tadbirkor” hamda Mudofaa vazirligining MHSK jamoalariga nasib etdi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA