Xotirasi mangu yodimizda...

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov tavalludining 80 yilligi hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘qituvchilari, tinglovchilar, kursantlar, san’atkorlar qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi, xalqimizning aziz farzandi, mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi siymosiga hurmat bajo keltirdi.

11.JPG

Davra suhbati ishtirokchilari Islom Karimov rahnamoligida qisqa muddatda mutlaqo yangi asosda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari shakllantirilgani, mudofaa tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizdagi harbiy bilim yurtlari sifat jihatdan takomilga yetkazildi. Ularda Vatanimiz sarhadlarini himoya qilish, mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchligimizni saqlashga qodir 30 ga yaqin yo‘nalishda harbiy mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Harbiylarga keng imtiyoz va zarur sharoitlar yaratildi. Tom ma’noda professional milliy armiyamiz tashkil etildi.

6.JPG

Bugun bu jarayon yangi bosqichda davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi. Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Harbiy okruglarning tarkibiy tuzilmasi va vazifalari qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi. Armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, harbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda.

8.JPG

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov tadbir ishtirokchilariga majmua haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlandiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan Islom Karimov faoliyat yuritgan qarorgoh yodgorlik majmuasiga aylandi. Ayni kunda majmuada 120 dan ziyod xodim mehnat qilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari va taniqli maqom san’ati ijrochilarining chiqishlari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

Ulug‘bek Asrorov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA