O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov tavalludining 80 yilligi hamda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi o‘qituvchilari, tinglovchilar, kursantlar, san’atkorlar qatnashdi. Tadbir ishtirokchilari Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi, xalqimizning aziz farzandi, mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi siymosiga hurmat bajo keltirdi.
Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizdagi harbiy bilim yurtlari sifat jihatdan takomilga yetkazildi. Ularda Vatanimiz sarhadlarini himoya qilish, mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchligimizni saqlashga qodir 30 ga yaqin yo‘nalishda harbiy mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Harbiylarga keng imtiyoz va zarur sharoitlar yaratildi. Tom ma’noda professional milliy armiyamiz tashkil etildi.
O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari va taniqli maqom san’ati ijrochilarining chiqishlari tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.