Toshkentda 24 noyabr kuni BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Dasturini imzolash va ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Ijrochi direktori Gada Fathi Vali, boshqarmaning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi siyosat idoralari mas’ullari, shuningdek, mamlakatimizdagi BMT bo‘linmalari, xalqaro tuzilmalar, asosiy sherik va donor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ishga tushirilgan mazkur yangi dastur yordamida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi a’zo davlatlarga tinchlik, xavfsizlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinligini ta’minlashga, mintaqani narkotik moddalardan, jinoyatchilikdan, korrupsiya va terrorchilikdan holi hududga aylantirish orqali taraqqiyotga erishishda texnik ko‘mak beradi.

– Globalizatsiya va xalqaro nizolar transformatsiyasi sharoitida transmilliy xavf-xatarlarga, tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, samarali mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mamlakatlarimiz uchun kun tartibidagi eng ustuvor va dolzarb vazifalardan biri ekanligi shubhasiz, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov anjumanni ocharkan.

– BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Dasturiga kiritilgan masalalar transmilliy xatarlar bilan bog‘liq ko‘p qirrali muammolarni bartaraf etishda, bunday salbiy holatlarga qarshi birgalikda kurash olib borish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Markaziy Osiyo uchun ishlab chiqilgan ushbu yangi Dastur milliy ustuvor yo‘nalishlarga, Barqaror rivojlanish maqsadlariga, jumladan, tinch jamiyat, qat’iy hisobot ostida faoliyat yuritadigan adolatli institutlar barpo etish, gender tenglikka, mukammal sog‘liqni saqlash tizimi va qonun ustuvorligiga erishish, inson huquqi doirasida global sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha talablarga to‘liq javob beradi, – deya ta’kidladi o‘z navbatida Gada Vali xonim.

Dastur mintaqamizdagi barcha davlatlar vakillari ishtirokida qariyb bir yil davom etgan, ushbu muhim masalaning barcha jihatlarini qamrab olgan maslahatlashuv, muzokaralar davomida ishlab chiqildi.

BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining 2015-2021 yillarda amalga oshirilgan avvalgi muqobil dasturning ilg‘or tajribasiga asoslangan mazkur hujjat tuzilmaning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga ham mos keladi.

Qolaversa, Markaziy Osiyoning besh davlati tomonidan belgilab olingan va quyidagi besh yo‘nalishda aks etgan ustuvor vazifalarga asoslangan texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga va ekspert ko‘magi ko‘rsatishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlik uchun strategik manba bo‘lib xizmat qiladi:

Transmilliy uyushgan jinoyatchilikning oldini olish va mazkur illatga qarshi kurashish;

Jinoyatchilikning oldini olish, odil sud tizimiga keng yo‘l ochish va qonun ustuvorligini mustahkamlash;

Narkotik iste’moli muammosini hal etish, narkotik iste’moli bilan bog‘liq moyillik va ruhiy tushkunlikni davolash va OITV/OITS profilaktikasi;

Terrorchilik, zo‘ravon ekstremistlik va zo‘ravonlikka olib boruvchi radikallikning oldini olish va mazkur illatlarga qarshi kurashish;

Tadqiqotlarni, tendensiyalar tahlilini, siyosat, axboriy-ma’rifiy faoliyat va sud ekspertizasi ishlab chiqish sohasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlash.

Ushbu ustuvor jihatlarga e’tibor qaratgan holda, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi o‘zining Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘llab-quvvatlashda tezkorlik, samaradorlik va natijadorlikni oshirishga intilmoqda. Jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgarishi asnosida mintaqada narkotik, jinoyatchilik va terrorchilik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga hissa qo‘shish ham ko‘zda tutilgan.

Marosim davomida boshqarmaning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal tomonidan BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Dasturi taqdimoti namoyish etildi.

Muzokaralarda asosiy sherik va donor tuzilmalar va xorijiy davlatlar vakillaridan Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazi hamda AQSH, Rossiya va Yaponiya ekspertlari ishtirok etdi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Ijrochi direktori Gada Fathi Vali tomonidan imzolangan Dastur rasman ishga tushirildi.

 

G‘ayrat Xonnnazarov, O‘zA muxbiri