Oliy Majlis Senati Raisi birinchi o‘rinbosari S.Safoyevning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori J.Xargitay bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va xalqaro moliya muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Martabali mehmon O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bank-moliya va soliq tizimlaridagi o‘zgarishlar, pul-kredit siyosatini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tiborga yuqori baho berdi.

bugungi kunda yurtimiz viloyatlarida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bir necha mintaqaviy vakolatxonalari ochilgan.

Tomonlar O‘zbekistonda xalqaro tashkilot ishtirokida amalga oshirilayotgan va istiqbolda rejalashtirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalarining parametrlari, shuningdek, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash, sug‘urta bozorini rivojlantirish va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarni muhokama qildilar.

Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlashga tayyor, ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvdan so‘ng tomonlar ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

S.Safoyev, Oliy Majlis Senati Raisi birinchi o‘rinbosari:

– Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining hududlarimizda bir necha mintaqaviy vakolatxonalari ish olib boryapti. Shu orqali bevosita o‘sha joylardagi kichik va o‘rta biznes, ishbilarmon doira vakillariga yordam berish, ularni o‘qitish, malakasini oshirishga ko‘maklashilmoqda. Bundan tashqari, shaharlar va ularning kommunal sharoitlarini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borishmoqda. Delegatsiya yurtimizda islohotlarning birinchi fazasi tugab, keyingi — yangi bosqichga o‘tayotgan bir paytda O‘zbekistonda rivojlanishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat va bank bu borada qanday ishtirok etishi mumkin, degan savollarga javob izlashyapti. Delegatsiya vakillari O‘zbekistonda bir necha kun bo‘lib, barcha vazirliklar, ishbilarmon doira vakillari, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishadi va ularni qo‘llab-quvvatlash ishlarini birgalikda amalga oshirishadi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlar, davlatimiz rahbarining lavozimga kirishish marosimida ilgari surgan tashabbuslari haqida, kelajakdagi rivojlanish strategiyasi haqida ma’lumotlar berdik. Bu ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Martabali mehmonlar yurtimizdagi o‘zgarishlarni yuqori baholadilar. Shuningdek, parlament bilan birgalikda amalga oshiriladigan tadbirlar haqida ham kelishib olindi.

J.Xargitay, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori:

– Joriy yil iyun oyidan boshlab O‘zbekistonga muntazab kelib turaman. Shuni ta’kidlashim lozimki, yurtingizda har bir sohada o‘sish va o‘zgarishlar, rivojlanish yuz berayotganiga guvoh bo‘ldim. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki turli sohalardagi loyihalarga 600 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirdi. Energetika, ta’lim, kichik biznes va tadbirkorlik kabi faoliyat yo‘nalishlariga investitsiya kiritildi.

Kuzatuvlarim davomida shunga amin bo‘ldimki, O‘zbekistonda bir qancha korxonalar davlat byudjetidan chiqarilib, xususiylashtirilgan. Bu esa iqtisodiy rivojlanishga, o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi. Sohalarga yangi texnologiyalar kiritilgan. Yurtingizda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjud. Shu bois investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. bugungi uchrashuvda ushbu masalalarni batafsil muhokama qilib oldik.

Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA