Bugun YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan xonim O‘zbekistonga bir haftaga tashrif buyuradi.

Bu uning ushbu lavozimda mamlakatga 2018 yildan beri ikkinchi tashrifidir.

16-21 noyabr kunlaridagi tashrif davomida Xan xonim O‘zbekiston hukumati va YUNISEF o‘rtasida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha istiqboldagi rejalarni muhokama qilish uchun yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashadi. Poytaxtda va Qoraqolpog‘istonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda mamlakatda bolalar huquqlarini amalga oshirish, aholi ijtimoiy himoyasi va bolalarni himoya qilish tizimi, ona va bola salomatligi, sifatli va inklyuziv maktabgacha va o‘rta ta’lim, iqlim o‘zgarishining bolalar va yoshlarga ta’siri, COVID-19 ga qarshi kurash masalalarining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy jihatlariga e’tibor qaratiladi.

“Men O‘zbekistonga kelganimdan hamda YUNISEF O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda bolalar manfaatalari uchun ko‘riladigan masalalarni mustahkamlash borasida erishgan yutuqlarni guvohi bo‘lganidan juda mamnunman”, dedi Xan xonim.

“COVID-19, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning degradatsiyasi singari yangi muammolar bolalar salomatligiga yanada ko‘p ta’sir qilib borayotganini ko‘rar ekanmiz, imkoniyat va mas’uliyatimiz bor ekan, birgalikda erishganlarimizga tayanib, bolalar manfaatlari uchun sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”.

YUNICEFning mintaqaviy direktori fuqarolik jamiyati tashkilotlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari vakillari bilan, shuningdek bolalar, yoshlar va oilalar bilan ham muloqotda bo‘ladi.

Tashrif davomida YUNICEFning mintaqaviy direktori “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuziyani ta’minlash” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro forumda ishtirok etadi.

Forum Jahon bolalar kuni va YUNICEFning 75 yilligiga bag‘ishlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Afshan Xan xonim 30 yildan ortiq vaqt davomida xalqaro fuqarolik xizmatida faoliyat olib boryapti. Ilgari u YUNICEFning Favqulodda vaziyatlar dasturlarini amalga oshirish departamenti direktori va boshqa yuqori lavozimlarni egallagan. Jumladan, Davlat sektori alyanslari va resurslarni safarbar qilish departamenti direktori, Sharqiy va Janubiy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari va YUNICEFning Yamaykadagi vakolatxonasi rahbari lavozimlarida ishlagan.

 

Z. Mirzaboyeva, O‘zA