“Turkiston” saroyida 13 noyabr kuni Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, har yil noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Bayram tadbirida Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, shifokorlar, hamshiralar, professor-o‘qituvchilar, yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek, Xalqimiz shifokorlar timsolida o‘z hayotini ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, el-yurt salomatligini asrash yo‘lida bor bilim va tajribasi, iste’dod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalarini ko‘radi hamda mashaqqatli mehnatingizni doimo munosib qadrlaydi.
Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha xodimlari Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanishi buning yorqin misolidir.
Tadbirda ana shu mukofotlar o‘z egalariga tantanali topshirildi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bor bilim va salohiyati, shirin so‘z va qaynoq mehrini bemorlarni darddan forig‘ etishga baxshida etib kelayotgan salomatligimiz posbonlari xalqimizning cheksiz hurmatu ardog‘ida ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, xalqimiz salomatligini asrash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda tibbiyot xodimlarining xizmati katta. Davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek, xalqimiz salomatligini ta’minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi. Kelgusi besh yillikda yurtimiz tibbiyoti aholini rozi qiladigan tizimga aylanadi.
– Bu esa soha xodimlaridan yanada ko‘proq bilim va salohiyat, g‘ayrat-shijoat, fidoyilik talab etadi. Guvohi bo‘lib turganimizdek, inson manfaatlari yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan takomillashib borayapti. Jumladan, o‘tgan qisqa davrda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tizimi yaratildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Onalar va bolalar salomatligi doimiy nazoratda. Bugun taqdirlanganlar orasida pediatrlar, onalik va bolalik yo‘nalishida xizmat qilayotgan hamkasblarimizning ko‘pligi meni yanada quvontirdi, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova.
Yurtimizda bolalar salomatligini saqlash, pediatriyaning barcha yo‘nalishlarida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan 280 o‘rinli Bolalar milliy tibbiyot markazi tashkil etildi. Nafaqat respublika, balki viloyat tibbiyot muassasalarida ham yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarni davolash uchun shifo o‘rinlari soni 3 barobar oshirildi. Shu bilan birga, ayni paytda yuqori tibbiy texnologiyalar asosida yurtimizdagi 10 ta tibbiyot muassasasida bolalar kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Kasallikni samarali davolashning birinchi sharti – to‘g‘ri tashxis. Biroq yaqin yillargacha mamlakatimizda bu boradagi ahvol qoniqarli bo‘lmagan. Odamlar joylarda tibbiy xizmat sifati pastligidan oddiy kasallik tashxisi yoki muolajasi uchun ham uzoq yo‘l bosib poytaxtga, viloyatlar markazlariga borishga majbur edi.
Shu sababli Prezidentimiz sohadagi islohotlarni ayni shu og‘riqli nuqtadan boshladi. Natijada umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor, qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinikaga aylantirildi. Ushbu mutaxassislarning terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari yordamida “tibbiy xarita”lar orqali manzilli ish olib borishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘z navbatida, samarasiz, moddiy-texnika bazasi nochor 3 mingdan ortiq QVP o‘rnida 2 mingta poliklinika va oila shifokorlik punkti tashkil etilib, aholiga o‘z yashash manzilida to‘liq bepul ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlandi. Ommaviy shakldagi profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining dasturlari, total patronaj o‘rniga universal-progressiv patronaj tizimi joriy qilindi.
– bugungi kunga kelib tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bemor bilan ishlaydigan, kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizim sifatida shakllantirildi, – deydi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri o‘rinbosari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Ashurxon Isroilova. – 31 yildan beri birlamchi bo‘g‘inda ishlayotgan bo‘lsam, oxirgi besh yildagi o‘zgarishlar haqiqatan ham quvonarli. Olis qishloqlarda ham oilaviy poliklinikalar tashkil etildi. Umumiy amaliyot shifokorlari oilaviy shifokorlarga aylantirildi. Oilaviy poliklinikalarda tor soha mutaxassislari xizmati yo‘lga qo‘yildi, tibbiy brigadalar tashkil etildi. Avval patronaj hamshirasi o‘z normativini bajarish uchun xonadonma-xonadon yurgan bo‘lsa, bugun maqsadli patronaj tizimi joriy qilindi. Endi patronaj hamshirasi qaysi xonadonga borishni yaxshi biladi. Bu patronaj xizmatining sifat darajasi oshishi, kasalliklarni erta aniqlashga xizmat qilyapti. Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini eshitib yanada to‘lqinlandim. Menga berilgan mukofot esa zimmamdagi mas’uliyatni yanada to‘liq his qilishga undaydi.
Endilikda eng murakkab operatsiyalar ham o‘zimizda o‘tkazilmoqda. Endi murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun xorijga borishga zarurat qolmadi. Xususan, Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi transplantologiya bo‘limida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan 5 yilda yurtimizda 700 dan ortiq buyrak, jigar va o‘zak hujayra operatsiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani natijasida fuqarolarimizning chet davlatlarga shifo izlab borishi keskin kamaydi.
– Kardiojarrohlik sohasida ham o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari doktori Baxtiyor Amirqulov. – 2016 yilgacha yurak sohasidagi murakkab operatsiyalar faqat Toshkent shahrida amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda 12 ta hududda rentgenendovaskulyar bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 10 ta viloyatda esa ochiq kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi ixtisoslashgan tibbiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar samarasidir.
Bayram tadbirida san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Mohigul QOSIMOVA, O‘zA