11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
Inson qadr-qimmati barcha narsadan ustuvor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlarda ayni jihatlarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tantanali tadbirda ushbu jamoat tuzilmasi, uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari respublika kengashlari, hamkor vazirlik va idoralar, tashkilotlar, xorijiy kasaba uyushma markazlari vakillari, soha faollari, turli jabhalarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov o‘qib eshittirdi.
Tadbirda Prezidentimizning tashabbusi bilan inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lida o‘tgan besh yil davomida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar, ularning salmoqli natijalari alohida qayd etildi.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida xalqimiz turmush darajasini oshirish, hayot farovonligini ta’minlash, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi mavqeini yuksaltirish borasidagi sa’y-harakatlar samarasini berayotir. Bu esa yangilanib borayotgan jonajon O‘zbekistonimizning fuqarolari hayotida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Yurtimizda kechayotgan yangilanish va o‘zgarishlarda yangi O‘zbekistonning kasaba uyushmalari ham faol qatnashib, islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘tgan besh yil yangi O‘zbekistonning kasaba uyushmalari hayotida ham tub burilishlar va o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Kasaba uyushmalari hayotidagi tarixiy voqealardan biri – 2019 yilning 6 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi qonunning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur qonunning qabul qilingani soha faoliyati rivojini yangi bosqichga olib chiqib, tizim vakolatlarini kengaytirdi. Kasaba uyushmalari inspeksiyasi qayta tiklandi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2020 yilda bo‘lib o‘tgan 8-qurultoyi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor 11 noyabrni Kasaba uyushmalari kuni, etib belgilash taklifi bildirilgach, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va bu 5,5 million nafardan ortiq a’zosiga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga kirdi.
Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan Kasaba uyushmalari Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi tashkil etildi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yakunlanayotgan yilning sarhisobi sifatida o‘zining munosib mehnati bilan Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, shuningdek, kasaba uyushmalari harakati rivojiga hissa qo‘shgan eng faol, fidoyi va tashabbuskor insonlar mehnatini e’tirof etish yaxshi an’anaga aylandi.
Sana munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor imkoniyatini ishga solayotgan hamyurtlarimizning bir guruhi taqdirlandi. Jumladan, yurt taraqqiyoti, uning salohiyatini yuksaltirish yo‘lida mehnat qilayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz Federatsiyaning “Ehtirom nishoni” bilan taqdirlandi. Ularga ushbu mukofotni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov topshirdi.
Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ularda faol ishtirok etayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish, o‘z faoliyatida yutuqlarga erishgan turli soha vakillarining mehnatini munosib taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” mukofoti ta’sis etilgandi. Tadbirda kasaba uyushmalari nufuzini oshirishga hissa qo‘shayotgan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, fan va adabiyot, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport, xizmat ko‘rsatish, kommunikatsiya, huquq-tartibot sohalari vakillariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” mukofoti topshirildi.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni tarbiyalayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Federatsiya tomonidan Xalq ta’limi vazirligi ishtirokida ta’lim maskanlarining matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili, informatika va axborot texnologiyalari fanlari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” mukofoti respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Ushbu tanlov e’lon qilingach, unda ishtirok etish istagini bildirgan 5 ming 692 nafar nomzod orasidan tanlov shartlariga javob beradigan 2 ming 714 o‘qituvchi ekspertlar tomonidan saralab olinib, ikkinchi bosqichga yo‘llanma berildi. Ikkinchi bosqich ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra, 90 nafar o‘qituvchi tanlovning keyingi bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. G‘oliblarni saralashda nomzodlarning pedagogik mahorati, kasaba uyushmasi faoliyati va mehnat huquqi yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekiston – Yangi kasaba uyushmalari” shiori ostidagi tantanali tadbirda ushbu tanlovda birinchi o‘ringa loyiq topilgan ustoz va murabbiylar taqdirlandi.
Keyingi yillarda kasaba uyushmalari tizimida xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, yangi bosqichga olib chiqildi. Xususan, sohadagi barcha xalqaro tashkilotlar va xalqaro kasaba uyushmalari markazlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlarga erishildi. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bu hamkorlik samarasi o‘laroq, tantanali bayram tadbiriga qardosh mamlakatlar kasaba uyushmalari va xalqaro kasaba uyushma markazlari vakillari ham tashrif buyurdi.
Tadbirda ishtirok etgan Qozog‘iston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Satibaldi Dauletalin, Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Ne’matzoda Maliksho Maxmadsho, Misr Arab Respublikasi kommunal korxonalar xodimlari kasaba uyushmasi prezidenti Xesham Ahmed Fuad Ahmedga ham “O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” mukofoti topshirildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, shu orqali ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. “Ayollar daftari” tizimi orqali keyingi davr mobaynida kasaba uyushmalari tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 milliondan ortiq xotin-qiz bilan muloqot o‘tkazilib, 900 mingga yaqinining muammosi ijobiy hal etildi. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash va muammolarini hal etish maqsadlariga davlat tomonidan 1 trillion 951 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil etilgan 1211 “ishonch telefoni”ga xotin-qizlardan kelib tushgan 100 mingga yaqin murojaat samarali hal etildi.
Bunday xayrli ishlarga hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimizni rag‘batlantirish maqsadida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari o‘rtasida “xonadonbay” ishlashda “Eng yaxshi mahalla raisi”, hududlardagi sektor rahbarlari o‘rtasida “mahallabay” va “xonadonbay” ishlashda “Eng yaxshi sektor rahbari”, gender siyosati va mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida ayollarning rolini oshirish borasidagi ishlarni namunali tashkil etgan korxona rahbarlari o‘rtasida “Eng namunali ayol ish beruvchi”, “Ayollar daftari” orqali ko‘mak olib, ish o‘rni yaratgan va mahallasidagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkor ayollar o‘rtasida “Kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” mukofoti uchun tanlovlar o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng namunali ayol ish beruvchi”, “Kasaba uyushmalari federatsiyasi laureati” tanlovlarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga diplom va Prezident sovg‘asi sifatida “Gentra” avtomobili, ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan ishtirokchilarga diplom va Prezident sovg‘asi sifatida “Cobalt” avtomobili, uchinchi o‘rin sohiblariga diplom va Prezident sovg‘asi sifatida “Spark” avtomobili kalitlari topshirildi.
G‘oliblarga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva hamda Kasaba uyushmasi federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov topshirdi.
Tantanali tadbirning navbatdagi taqdirlanuvchisi Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan kompleks bolalar va o‘smirlar sport maktabi og‘ir atletika bo‘limi murabbiysi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, “Shuhrat” medali sohibi Farhod Mirzajonov bo‘ldi. Unga Prezidentimizning maxsus sovg‘asi sifatida “Malibu” avtomashinasi topshirildi.
– Faoliyatim mobaynida qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiada g‘olib va sovrindorlarini tayyorlashga muvaffaq bo‘ldim, – dedi F.Mirzajonov. – Aslida, qobiliyatli yoshlar bilan ishlash murabbiy uchun ham katta ruhiy rag‘bat, quvvat beradi. Kelgusi Olimpiada o‘yinlari uchun ham sportchilarni tayyorlashni niyat qilganman.
Tadbir doirasida konsert dasturi namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Shoazim Minovarov qatnashdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri