Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans ostonasida” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi.
Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, tarixchi, faylasuf, adabiyotshunos, iqtisodchi olimlar, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, jurnalistlar ishtirokidagi tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov olib bordi.
Taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob iqtisod fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov hamda akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bahriddin Zaripov hammuallifligida yozilgan.
Mazkur asar mamlakatimizda yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilish borasida belgilab olingan Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘li haqida to‘liq va mukammal tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Kitobda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar, rivojlanishning yangi bosqichida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar haqida so‘z yuritiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi va Uchinchi Renessans asosini yaratish borasidagi tashabbusi bugun reallikka ko‘cha boshlagani, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangrayotgani, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirayotgani ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, yurtimiz zamin tarixida ikkita buyuk Uyg‘onish davriga beshik bo‘lgani, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni yetishtirib bergani mahorat bilan qalamga olingan. Ayniqsa, Uchinchi Renessansga qo‘yilayotgan poydevor va yangi tamaddun asoslari aniq dalillar asosida ochib berilgan.
Asar keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha ta’lim muassasalari, xususan, oliy o‘quv yurtlari, tashkilot va idoralar, har bir xonadonga kirib borishi maqsadga muvofiqdir. Zotan, qaysi zamonda bo‘lmasin, buyuk evrilishlar, o‘zgarish va yangilanishlar, avvalo, xalqning qudrati, salohiyati va kuchiga tayanadi.
Tadbirda kitob mualliflari kitobning yozilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Yig‘ilganlarga kitoblar taqdim etildi.
D.Mamatova, O‘zA