O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Sport-ta’lim muassasalari faoliyati rivojlanishining o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, ularda olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularni boshqarish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, moddiy-texnik va resurs imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida:

1.Quyidagilar:

Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturini 2021–2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq;

2022-2025 yillarda olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2.Belgilansinki:

a) sport bino va inshootlarida qurilish-ta’mirlash ishlari faqatgina oldindan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asosnomaga muvofiq amalga oshiriladi;

b) olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash uchun Davlat byudjetidan 2022 yildan boshlab dasturlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili qo‘shimcha:

qurilish-ta’mirlash ishlariga – 50 milliard so‘m;

zamonaviy sport jihozlari, texnologiya vositalari, asbob-uskunalar va maxsus sport kiyimlari bilan ta’minlashga –
10 milliard so‘m;

tibbiyot bo‘limlarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklantiruvchi vositalar bilan jihozlashga – 10 milliard so‘m;

zamonaviy o‘quv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga – 2 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

3.Qurilish vazirligi (B.Zakirov):

Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda o‘rganishlar olib borgan holda, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari uchun qo‘shimcha quriladigan zamonaviy o‘quv, yotoqxona, oshxona, tibbiyot binolari va sport inshootlarining namunaviy loyihalarini tasdiqlasin. Bunda, ularning sport inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni ko‘zda tutsin;

mazkur qaror asosida ob’ektlarning loyihaoldi va (yoki) loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

4.Turizm va sport vazirligi:

a) Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining tibbiyot bo‘limlarida foydalaniladigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari ro‘yxatini tasdiqlasin;

2021-2022 yillar davomida olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarining tibbiyot bo‘limlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini ko‘rsin;

olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilarining hududlardagi ixtisoslashtirilgan markaziy shifoxonalarga maxsus kontingent sifatida biriktirilishini ta’minlasin;

b) ikki oy muddatda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan birgalikda sport-ta’lim muassasalari tomonidan respublika va jahon axborot-resurslaridan masofadan turib foydalanish tizimini yaratsin;

v) 2022 yil 1 yanvarga qadar:

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti kutubxonasini sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar bo‘yicha 8 000 dona;

olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari kutubxonalarini sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar bo‘yicha 7 000 dona;

boshqa sport-ta’lim muassasalarining kutubxonalarini sport turlari bo‘yicha 35 000 dona xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

Belgilansinki, sport turlari, umumkasbiy va maxsus fanlar bo‘yicha xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va ta’lim muassasalariga yetkazib berish bilan bog‘liq 10 milliard so‘mлик xarajatlar birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Turizm va sport vazirligiga 2021 yilda respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi, kelgusi yillarda ushbu muassasalarning kutubxona fondini boyitib borish ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

g) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-ta’lim muassasalari mashg‘ulotlarini olib borish uchun davlat tasarrufida bo‘lgan zarur bino va inshootlarning ijara to‘lovlarisiz ularga taqdim etilishini ta’minlasin;

d) 2022 yil 1 aprelga qadar olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlayotgan nodavlat sport-ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;

ye) o‘z tizimidagi barcha turdagi sport bino va inshootlarida turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o‘rnatish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil
9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6165-son Farmoni doirasida turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirsin.

5.Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov bilan birgalikda oxirgi 3 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan:

qurilgan, shu jumladan, rekonstruksiya qilingan, mukammal ta’mirlangan va jihozlangan sport ob’ektlarini;

Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, sport-ta’lim muassasalari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa davlat sport tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar va xizmatlarni joyiga chiqqan holda o‘rgansin.

O‘rganish jarayonida sarflangan mablag‘lardan oqilona, tejamkor va samarali foydalanganligi, tender va tanlovlar ochiq va shaffof holda o‘tkazilganligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaganligi, davlat xaridlarining boshqa asosiy prinsiplariga to‘liq rioya qilinganligiga qonuniy baho berilsin.

6.Sport-ta’lim muassasalari hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutini jihozlash hamda faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha Turizm va sport vazirligi tomonidan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, maxsus transport vositalari, multimedia mahsulotlari, tibbiyot trenajyorlari, adabiyotlar, sun’iy hamda tabiiy maydon qoplamalari va inventarlar 2024 yil 1 oktyabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur bandga asosan xorijdan olib kelinadigan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, imtiyozlar berilishi munosabati bilan to‘lanmagan bojxona boji summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan holda Davlat byudjetiga undirilishini ta’minlasin.

7.Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Davlat byudjeti, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortig‘i ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs (keyingi o‘rinlarda – davlat ulushi mavjud tashkilotlar) hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiya (assotsiatsiya)larining daromadlari
va xarajatlari smetasi har yili 1 dekabrgacha Turizm va sport vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

daromadlar va xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablag‘lardan ortiqcha xarajat qilishga hamda smetada ko‘zda tutilmagan xarajatlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiya (assotsiatsiya)lari davlat byudjeti va davlat ulushi mavjud tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlari to‘g‘risidagi batafsil hisobotni
har oy yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Turizm va sport vazirligi va o‘zlarining veb-saytlarida e’lon qilib boradi. Bunda, xarajatlar e’lon qilinmaganda moliyaviy huquqbuzarlik deb baholanadi;

sport musobaqalarini o‘tkazish uchun byudjet mablag‘lari faqat har yili tasdiqlanadigan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi asosida ajratib boriladi;

Davlat byudjeti va davlat ulushi mavjud tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan o‘tkaziladigan to‘lovlar Moliya vazirligi G‘aznachiligida va uning hududiy bo‘linmalari orqali amalga oshiriladi;

Davlat byudjeti va davlat ulushi mavjud tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan sport tadbirlari uchun ajratiladigan mablag‘larning сaмaрaли va maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy ravishda davlat moliyaviy nazorati organlari tomonidan nazorat o‘rnatiladi;

amalga oshirilayotgan xarajatlarning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, xarajatlarning shakllanishi va sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida barcha turdagi xarajatlarhar oyda majburiy tarzda maxsus sport tizimini boshqarish platformasida e’lon qilib boriladi.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlarda sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil qilsin, har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq hududiy sport musobaqalarini to‘liq hajmda moliyalashtirish hamda yuqori saviyada o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

9. Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov) uch oy muddatda:

a) Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tgan yozgi XXXII Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz faoliyatini targ‘ib etish tizimini joriy qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin:

mazkur sportchilarimiz tahsil olgan sport-ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, mahallalarda ularning ibratli faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilish;

ko‘rgazmalarga yoshlarni keng jalb qilish, ularda sport ruhiyatini yuksaltirish, bolalar o‘rtasida sport tarbiyasini kuchaytirish;

targ‘ibot-tashviqot ishlarini muntazam ravishda tashkil etish orqali yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya va paralimpiya sport turlariga jalb qilish;

b) Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov nomlaridagi sport mahorati maktablarini tashkil etish va ular uchun barcha zarur
shart-sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin;

v) sportda yuksak natijalarga erishib, sport jarohatlari olganligi yoki sport faoliyatini yosh ko‘rsatkichlariga ko‘ra tugatgan yuksak malakali sportchilarni keyingi faoliyatini davom ettirishi uchun kasbga yo‘naltirish, ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ajratilgan mablag‘lar doirasida:

mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini ёритishga oid brifinglar, press-konferensiyalar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin;

Kinematografiya agentligi bilan birgalikda yoshlarning  sportga kirib kelishidan boshlab ularning yuqori natijalarga erishish yo‘li, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va bugungi kundagi hayoti to‘g‘risida qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar, videoroliklar, maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston chempionati (kubogi), mamlakatimizda o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro musobaqalar (turnirlar)ning ular o‘tkazilishidan kamida ikki oy oldin tasdiqlangan
media-reja asosida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot qilinishini amaliyotga joriy etsin.

11. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.M. Shaabduraxmanov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.M. Tashxodjayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti                    Sh.MIRZIYOEV

 

 Toshkent shahri,     

2021-yil 5-noyabr