Mamlakatimizda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining oshib borishi yurtdoshlarimizning ushbu turdagi oziq-ovqat mahsulotini sotib olish imkoniyatini pasaytirishga sabab bo‘lmoqda.
Tibbiy standartlarga ko‘ra, aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun 1,5 million tonna go‘sht (bir kishiga 42,8 kilogramm) lozim bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 25 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, 2021 yil 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilning may oyida davlatimiz rahbari go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini ta’kidlagan edi.
Mazkur hujjat aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarning barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA