Pokiston strategik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Xalid Akram bilan saylov jarayonlari qanday o‘tgani va uning natijalari haqida suhbatlashdik.
– Saylovni kuzatish davomida sizda qanday fikrlar kechdi?
– Saylov kuni Toshkent shahridagi o‘nlab saylov uchastkalarida bo‘ldim. Har bir uchastkada karantin talablariga qat’iy rioya etilgani e’tiborimni tortgan muhim jihat bo‘ldi. Uchastkaga kirib kelayotgan odam kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ya’ni saylovchi bo‘lmasa ham qo‘llari zararsizlantirilib, yangi niqob taqdim etildi. Har bir uchastkada tibbiyot xodimlari bor edi. Hatto tibbiyot xonalari ham ochib qo‘yilgan. Bu biz kuzatuvchilarning ham o‘zimizni xavfsiz sezishimizga, saylovni bemalol kuzatishimizga zamin bo‘ldi.
Saylovni kuzatish asnosida xalqning yuqori darajadagi hamjihatligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, ovoz berayotganlar orasida yoshlarni ko‘proq uchratdim. O‘z mamlakatidagi siyosiy voqelikka befarq bo‘lmagan yoshlar borligi – bu juda katta omad. Axir ular kelajak egasi, ertangi kunni bunyod etuvchilar. Ular ongli va faol bo‘lsa, yurtning kelajagi shunga yarasha yaxshi bo‘lishi muqarrar.
– Saylov payti qonunlarga zid bo‘lgan yoki sizni ranjitgan holatlar bo‘ldimi?
– Bundan oldin 8 davlatda saylov jarayonlarida kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etganman. Bilasizmi, ushbu saylovdek tartibli va aholi juda faol qatnashgan jarayonni ko‘rmaganman, desam ishonavering. Qisqasi, bu saylovdan yaxshisi bo‘lmagan!
Kuzatuvchi sifatidagi faoliyatim davomida o‘zim kabi turli davlatlardan kelgan kuzatuvchilar bilan ham ko‘p muloqot qildim. Men ularning fikrlari bilan qiziqdim, men ko‘rmayotgan biror noxolislik bormikin, deb. Faqat yaxshi fikrlar eshitdim.
– Strategik tadqiqotlaringiz O‘zbekiston va Pokiston munosabatlariga qanday baho beradi?
– Pokiston va O‘zbekiston xalqlari qadimdan yaqin do‘st bo‘lib kelgani hech kimga sir emas. Bu o‘zaro do‘stlik, hamkorlik munosabatlari keyingi yillarda juda rivojlandi. Bu davlatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakati kuchaygani tufaylidir.
Fursatdan foydalanib, saylovda ishonchli g‘alabaga erishgan, O‘zbekistonning Prezidenti sifatida saylangan Shavkat Mirziyoyevni xalqimiz nomidan chin dildan tabriklayman.
Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, biz Shavkat Mirziyoyevni o‘tgan besh yillik Prezidentlik davrida olib borilgan keng miqyosli ishlari uchun Markaziy Osiyo lideri, deb bilamiz.
Pokistonda aynan shu mavzuda “Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylari – yetuk davlat rahbari”, deb nomlangan kitob ham nashr qilganmiz. Bu kitobda Pokistonning eng yetuk siyosatchilari, olimlari, tadqiqotchilarining Mirziyoyev faoliyati haqidagi fikrlari, ilmiy izlanishlari, O‘zbekiston va Pokiston munosabatlarining o‘ziga xos jihatlari, ikki mamlakat hamkorlik istiqbollari haqida keng fikr yuritilgan.
O‘ylaymanki, yangi saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan besh yilda nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyo, hatto Osiyo mintaqasida olib borilishi kerak bo‘lgan keng miqyosli ishlar bo‘yicha katta g‘oya va tashabbuslarni ilgari surgan bo‘lsa, endilikda ularni amalga oshirishga kirishadi. Men bu yo‘lda Janobi oliylariga kuch-quvvat va omad tilayman!
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.