Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 12-yanvar kuni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bu yerga senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, ota-onalar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar xodimlari va keng jamoatchilik vakillari taklif qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Toshkent shahar hokimi R.Usmonov o‘qib eshittirdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoni bilan 1991-yil 6-sentabr kuni Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan. Buyuk Yurtboshimizning 1992-yil 14-yanvardagi qaroriga muvofiq mamlakatimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan.
Ana shu tarixiy kun – 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
O‘tgan vaqt mobaynida Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy va tarkibiy jihatdan zamon talablari darajasida takomillashdi. Tuzilmalarning harakatchanligi, jangovar qobiliyati, harbiylarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi oshdi. Qism va bo‘linmalar zamonaviy qurol-yarog‘ va jangovar texnika bilan ta’minlandi.
Xususan, 2017-yil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixiga ulkan o‘zgarishlar yili bo‘lib kirdi. Yangidan qabul qilingan Mudofaa doktrinasida O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyili, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni yanada rivojlantirish, davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida aniq belgilab qo‘yildi. Mamlakatimiz geostrategik joylashuvining o‘ziga xosligi, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy holatni hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqildi. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi. Harbiy kadrlar tayyorlash sohasida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar asosida Qurolli Kuchlar akademiyasining faoliyati tubdan qayta tashkil etildi. Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini qurol-aslaha, harbiy texnika va aloqa vositalarining zamonaviy turlari bilan ta’minlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun yuksak aql-zakovat va yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash hamda ularning munosiblarini tanlab olishda talab oshirildi. Harbiy akademik litseylarni isloh qilish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi farmoniga muvofiq barcha akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi. Mamlakatimizdagi 29 akademik litsey va kasb-hunar kollejida maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda joylardagi davlat hokimiyati organlarining faolligini va rolini oshirish bo‘yicha ishlar ham sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlash maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini ta’minlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bog‘liq”.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 23-avgustdagi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari huzurida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘limlari tashkil etilib, harbiy okruglar qo‘mondonligi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mintaqaviy bo‘linmalar nafaqat harbiy qism va muassasalarda, shu bilan birga, keng jamoatchilik o‘rtasida, ayniqsa, ta’lim maskanlari, mahalla va qishloqlarda yoshlarimizning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqda.
Vatan himoyachilarining xizmatni o‘tash va yashash joylaridagi ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish ham doimiy e’tiborda.
Harbiy xizmatchilar uchun yangi turar joylar qurish, mavjud turar joy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish, uzoq muddatli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yer uchastkalari ajratish yildan-yilga kengayib bormoqda. Yangi yil bayrami arafasida ham mamlakatimizning ko‘plab hududlarida harbiylar uchun yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Yuzlab harbiylarimiz Yangi yilni yangi uyda kutib oldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 12-yanvardagi farmoniga muvofiq, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari – orden va medallar bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir, – deydi “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, Qurolli Kuchlar akademiyasi kafedrasi sikli boshlig‘i Muhiddin Umarov. – Vatanimizning yuksak mukofoti menga ulkan g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Bildirilgan ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi va farovonligi, farzandlarimiz kelajagini himoya qilish uchun bor bilim va kuchimizni sarflaymiz.
Tantanali tadbirda o‘z xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan olti nafar tinchlik posbonining oila a’zolariga Prezidentimiz nomidan uy kalitlari berildi. O‘z vazifasini namunali bajarayotgan ko‘plab harbiy xizmatchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, podpolkovnik Saidjon Ummatov, askar onasi Shoira Mirzohidova, Olimpiada o‘yinlari sovrindori, yil sportchisi Bektemir Meliqo‘ziyev, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar bayram qatnashchilarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosim katta bayram konserti bilan yakunlandi.