O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz timsoli, til – millat va Vatan tushunchalari kabi muqaddasdir, zero, ona tilisiz jamiyat taraqqiyotga erisholmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Davlat tashkilotlarida o‘zbek tilidan foydalanishni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari vakillari, professor-olimlar va filologlar ishtirok etdi.
Suhbat davomida yurtimizda o‘zbek tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, shuningdek, davlat tashkilotlarida o‘zbek tilidan foydalanishni takomillashtirish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari hususida so‘z yuritildi.
Ma’lumki, o‘zbek tili bayrami xalqimiz ma’naviy hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish bildirayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ham ona tilimizga bo‘lgan e’tibor oshishiga sabab bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tilshunos olimlarning e’tirof etishicha, xorijiy davlatlarning 70 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. Qolaversa, dunyo bo‘ylab 50 milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida gapira olishi muhim fakt sanaladi.
– Vazirlik o‘zbek tilini rivojlantirish, uni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorlarning ijrosi doirasida bir qancha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Masalan, xorijiy mamlakatlarda 70 ga yaqin “O‘zbek tili do‘stlari” klublari tashkil qilinib, bu 30 ga yaqin davlatlarni o‘z ichiga oladi.
Bu o‘zbek tilini o‘rganish, uni targ‘ib qilish va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida ma’lumotlar olib turish imkoniyatini beradi – dedi O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Anvar Abduhalimov.
– Bundan tashqari, 2021 yilda “Yurtdoshlar” sayti ishga tushirildi, mazkur saytda o‘zbek tilidagi filmlar, multfilmlar va qator dasturlar joylashtirilgan.
Qayd etildiki, xorijiy universitetlardagi o‘zbek tili o‘qituvchilarining dastlabki ro‘yxati shakllantirildi. Bu respublikamizdagi manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborilgan. Boisi, xorijiy mamlakatlardagi ta’lim muassalalarida o‘zbek tili o‘qituvchilarini zarur darslik va qo‘llanmalar bilan ta’minlash mexanizmi yaratilgan.
Tadbir yakunida mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari vakillari ish faoliyatida o‘zbek tilidan foydalanishni takomillashtirish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri