O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi 75-sessiyasida «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasi va unda belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yil 29 iyulda «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan edi. Uning ijrosini ta’minlash borasida Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu haqida mazkur institut direktori, qishloq xӯjaligi fanlari nomzodi Bekmurat Turdishev ӮzA muxbiri bilan suhbatda batafsil ma’lumot berdi.

– Maxsus rezolyutsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bӯyicha qabul qilingan “Yӯl xaritasi”da Orolbo‘yi hududida yaratilgan mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining ekin maydonlarini kengaytirish belgilangan,–deydi B.Turdishev. – Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun sudan o‘tining “Chimbayskaya yubileynaya” navi urug‘chiligini tashkil etish va qishloq xo‘jaligiga joriy etish topshirig‘i ijrosi yuzasidan institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan “Sudan o‘ti (Sorghum sudanse Piper) va jo‘xori (sorghum saccharatum L.) navlarini birlamchi urug‘chiligini tashkil etish hamda plantatsiyasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyiha  O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy va innovatsion loyihalar tanlovining 51-turida ishtirok etish uchun taqdim etildi va ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shuningdek, 2021 yilda institut Yem-xashak ekinlari seleksiyasi urug‘chiligi laboratoriyasi ekin maydonida sudan o‘tining “Chimbayskaya yubileynaya” navining 400 kilogramm original super elita urug‘ligi tayyorlandi. Shu asosda kelgusida institut tajriba xo‘jaligi ekin maydonlarida navning birlamchi urug‘chiligi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020 yil 3 dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonining 3 bandida ozuqabop ekinlarning yangi navlarini yaratish topshirig‘i berildi. Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida institut olimlari tomonidan “Orolbo‘yi sharoitida yem-xashak ekinlarini sho‘rga chidamli va yuqori hosildor mahalliy navlarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligining amaliy va innovatsion loyihalar tanloviga taqdim qilinib, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2021-2022 yillarda bajariladigan amaliy loyihalar tanlovi g‘olibi deb topildi. Hozirda ushbu loyiha bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi, Orolbo‘yi sho‘rlangan tuproq sharoitida jo‘xori, afrika qo‘nog‘i, sudan o‘ti mahalliy va xorijiy kolleksiyasi o‘rganish hamda xususiyatini aniqlash hisoblanadi. Hudud tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish, yangi duragaylarni ӯrganish asosda xududning iqlim va tuproq sharoitiga mos yangi mahalliy sho‘rga chidamli, ertapishar, vegetatsiya davri 100-110 kun va o‘rtapishar 120-130 kun bo‘lgan, yuqori sifatli va hosildor navlar yaratiladi va Davlat nav sinash komissiyasiga taqdim etiladi.

Kutiladigan natija esa loyiha yakunida sudan o‘tidan 1 ta, jo‘xoridan 2 ta va afrika tarig‘idan 2 ta yangi mahalliy nav yaratilib, O‘zbekistan Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari nav sinash komissiyasiga taqdim etiladi va O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga ixtiroga talabnoma yoziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasida Bo‘zatov, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda zamonaviy chorvachilik komplekslarini ishga tushirish, chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishni tizimli olib borish, ozuqabop ekinlarni serhosil yangi mahalliy navlarini yaratish, urug‘chilikni tashkil etish, urug‘ini tizimli yetkazib berishni tashkil etish maqsadida ozuqabop ekinlarning mahalliy yangi navlarini yaratish, boshlang‘ich urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, ixtisoslashgan urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil etish vazifalari qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2020 yil 24 avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash va ularning original urug‘chiligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida jahon amaliyotida keng qo‘llanilayotgan zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarining yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob belgi va xususiyatlarga ega mahalliy navlarini qayta tiklash va xududlarda istiqbolli navlarning   original urug‘chiligini tashkil etish vazifalari qo‘yilgan.

Ushbu qarorlar va topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilikni rivojlantirish muammosini to‘la yechish, chorva mollariga mustahkam yem-xashak bazasini yaratish uchun yuqori ozuqa birligiga ega yem-xashak ekinlarining serhosil navlarini urug‘chilik tizimini yaratish o‘ta dolzarb masalaga aylandi. Shu asosda yem-hashak ekinlar navlarining (beda, makkajӯxori, jӯxori, sudan o‘ti va afrika tarig‘i) dastlabki urug‘chiligini institut tajriba xo‘jaligida tashkillashtirish bo‘yicha amaliy va innovatsion ilmiy loyihalari ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan ilmiy-texnik loyihalar tanlovining 39 turiga “Orolbo‘yi sharoitida bedaning “Qoraqalpaq-15” navining  navdorligini yaxshilash va birlamchi urug‘chiligini tashkil etish” mavzusidagi 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy loyihasi taqdim etilib, ilmiy-texnik kengashda muvaffaqiyatli himoya qilindi va moliyalashtirish uchun Innovatsiya vazirligining hay’atida ko‘rib chiqilmoqda. Loyihada institut olimlari tomonidan yaratilgan, yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan noyob belgi va xususiyatlarga ega bedaning mahalliy “Qoraqalpoq-15” navini qayta tiqlash, navdorligini yaxshilash va birlamchi urug‘chiligini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, institut tajriba xo‘jaligida yem-xashak ekinlarining xorijiy va mahalliy kolleksion nav namunalarining birlamchi urug‘chiligini tashkil etib, super elita va elita urug‘liklarini yetishtirish va yuqori sifatli urug‘liklarni chorvachilikga ixtisoslashgan agroklaster va fermer xo‘jaliklariga taqdim etish ishlari olib borilmoqda.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA