Xabar qilganimizdek, ayni paytda Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qilmoqda.
– Avvalo, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘lgan, bugungi s’ezdida ishtirok etayotganimdan, barchangizni mana shunday ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Sizlar bilan partiyamiz tashkil etilgan kundan boshlab, barcha masalalarda hamfikr bo‘lib, hayot oldimizga qo‘yayotgan dolzarb vazifalarni birgalikda samarali bajarib kelmoqdamiz.
Yurtimiz siyosiy maydonida katta nufuzga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’ezdining Siz, hurmatli delegatlari va faollari menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga, nomzodimni ko‘rsatganingizni, behad qadrlayman. Bu, men uchun yuksak sharaf va ayni paytda, ulkan mas’uliyat ekanini, yurak-yurakdan his etmoqdaman.
Bundan besh yil oldin, men partiyamiz minbaridan o‘z saylovoldi dasturimni e’lon qilgan edim. Ushbu dasturda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishni oliy maqsad etib belgilagan edik.
Besh yil mobaynida aholi farovonligini ta’minlash va uning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida nimalarga erishdik? Qanday marralarni egalladik? Kamchiliklar nimalardan iborat bo‘ldi?
Dasturimizdagi ezgu maqsadlarni hayotga to‘liq tatbiq etish uchun, 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.
Qisqa davrda mamlakatimizda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi, desam, ayni haqiqatdir.
Shu borada bir fikrni alohida ta’kidlab aytishni istardim: bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun ochildi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha, mutlaqo yangi tizim yaratdik.
Davlat tashkilotlari ish faoliyatida “mahallaga tushish”, “xalq ichiga kirish, uning “dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik bo‘lish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari, asosiy mezonga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA