“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi davom etmoqda.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llamoqda.

Davlatimiz rahbari bayram tabrigida qishloq va mahallada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritmoqda.

“Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini oladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘zida jami 8 mingga yaqin qishloq va mahallada umumiy qiymati 20 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, o‘ylaymanki, ko‘p narsadan dalolat beradi.

Bu ishlarning barchasi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu da’vat asosida amalga oshirilmoqda.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.

2017-2020 yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 baravarga oshdi. Respublikamizda ipoteka tizimi izchil rivojlanmoqda”, dedi Prezident.

 

O‘zA