Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Navoiy viloyati Karmana tumaniga tashrif buyurdi. Bu yerda O‘zbekistondagi dastlabki yirik quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda “yashil energetika”ga o‘tish, muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yil 1 iyun kuni Prezidentimiz Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida quvvati 457 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi poydevoriga kapsula qo‘ygan edi. Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand viloyatida ham shunday yirik stansiya qurilishi davom etmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida Karmana tumanida qurib bitkazilgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi Yangi O‘zbekiston energetika tizimidagi birinchi ulkan qadam bo‘ldi.
Loyiha qiymati 110 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur stansiyasining quvvati 100 megavatt. Uni qurish bo‘yicha 2019 yilda salohiyatli kompaniyalar o‘rtasida tanlov e’lon qilingan edi. Tanlovda Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy Company – Masdar” kompaniyasi eng arzon tarif – 1 kilovatt/soat elektr energiyaga 2,679 AQSH dollari senti taklif etib, g‘olib bo‘ldi.
Bu yerda yiliga 252 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna issiqxona gazlari chiqishining oldi olinadi.
Eng asosiysi, quyosh elektr stansiyasi viloyatdagi 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiya bilan ta’minlash imkonini beradi.
Prezidentimiz Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida shaharu qishloqlarimizda katta-katta o‘zgarishlar bo‘layotgani, buning zamirida yurtimizdagi tinchlik, bunyodkor xalqimizning intilishlari mujassam ekanini alohida ta’kidladi. Karmana tumanida ishga tushirilayotgan ushbu stansiya mamlakatimiz energetika tizimida “birinchi qaldirg‘och” bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab berayotgani qayd etildi.
Ma’lumki, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. Lekin shu paytga qadar ana shu ulkan imkoniyatdan foydalanilmasdan kelayotgan edi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu respublikamizning bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p energiya ishlab chiqarish mumkin, degani.
Mamlakatimiz xorijiy investitsiyalar hisobiga 2030 yilgacha quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megavattga yetkazishni maqsad qilgan.
– Mana shu stansiya orqali biz bu sohada qo‘yilgan marralarga yetish mumkinligini ko‘rdik. Endi bunday arzon, raqobatbardosh va ekologik toza elektr stansiyalarni yanada ko‘paytirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Kelgusi ikki yilda Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2 ming 100 megavattlik 9 ta quyosh stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 1 ming 600 megavatt quvvatga ega 4 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi qayd etildi.
Karmanada xususiy investor tomonidan barpo etilgan elektr stansiyasi so‘nggi ikki yilda elektr energiyasi sohasida boshlangan islohotlarimizning amaliy natijasi, investorlarning mamlakatimizga nisbatan ishonchi tobora ortib borayotganining yorqin dalili ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari loyiha ishga tushganini anglatuvchi ramziy dastakni harakatlantirdi va quyosh fotoelektr stansiyasidan birinchi elektr energiyasi tarmoqqa uzatildi.
Marosimda Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Al-Qemziy hamda viloyat faollari so‘zga chiqib, mazkur yirik loyiha O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida amalga oshirilayotgan yaqin hamkorlikning mevasi bo‘lib, u xalqimiz farovonligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Matnazar Elmurodov,
O‘zA