Shimoliy Koreya va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tdi

Koreya yarim orolida vaziyatni yaxshilashga qaratilgan Shimol va Janub o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi Pxanmunjom chegara punktida bo‘lib o‘tdi, deyiladi Janubiy Koreyaning milliy birlashuv ishlari vazirligi ma’lumotida. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Muzokaralarda tarkibida besh nafardan vakil bo‘lgan har ikki davlatning delegatlari ishtirok etdi. Xususan, Koreya Respublikasi delegatsiyasiga milliy birlashuv ishlari vazirligi Cho Myon Gyon, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan ishtirok etayotgan vakillarga Koreyani tinch yo‘l bilan birlashtirish Qo‘mitasi raisi Ri Son Gvon rahbarlik qildi.

Pxenyan muzokaralardan nimani kutmoqda?

Shimoliy Koreya delegatsiyasi yetakchisi muzokaralar avvalida ushbu uchrashuvlar munosabatlarni yaxshilash imkonini berishini qayd etdi.

“Muzokaralar o‘zaro ishonch va ochiq ruhda davom etishiga umid qilaman. Bu koreys xalqi uchun muhim bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar olib keladigan Yangi yil tuhfasi bo‘ladi, deya qayd etgan Ri Son Gvon. O‘z navbatida, Janubiy Koreya tomoni ushbu muzokaralar uzoq davom etgan munosabatlardagi turg‘unlik davridan keyin boshlanganini ta’kidladi.

“Harakatlarning boshlanishi – bu ishning yarmi bajarildi deganidir”, dedi Koreya Respublikasi delegatsiyasi yetakchisi. “O‘ylaymanki, tomonlar muzokaralarni qat’iylik va ishonch bilan davom ettirishadi.

Seul va Pxenyan o‘rtasida favqulodda aloqa xizmatlarini tiklash masalasining ko‘rilgani hukumatlararo muzokaralar chog‘idagi muhim qadamlardan bo‘ldi. Tomonlar bu masalada kelishuvga erishishgan. Janubiy koreyalik harbiylar KXDR bilan dastlabki aloqalarni g‘arbiy sohillarda sinovdan o‘tkazgan, deyiladi Ryonxap axborot agentligi xabarida.

Shuningdek, Janubiy Koreya vakillari o‘zaro munosabatlar muhokamasi chog‘ida tinchlikni saqlashga qaratilgan muzokaralarni, xususan, yarim orolni yadro qurolidan holi hududga aylantirish bo‘yicha harakatlarni qayta tiklashni taklif qilgani aytiladi manba xabarida.

Muhokamalar davomida: musobaqada shimolliklar jo‘natmoqchi bo‘lgan maxsus vakillar kimlar? 

Avval xabar qilinganidek, tomonlar Seul va Pxenyan o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, xususan, shimoliy koreyalik sportchilarning Pxyonchxanda o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi masalasini keng muhokama qilishdi.

Dastlabki muzokaralar yakuni bo‘yicha Cho Myon Gyonning jurnalistlarga intervyu berarkan, shimolliklar Olimpiya o‘yinlariga o‘z artistlari va taekvondo bo‘yicha maxsus jamoasini yo‘llashini aytdi. Shuningdek, KXDR tomoni Pxyonchxandagi o‘yinlarga yuqori mansabli amaldorlardan iborat delegatsiya yuborilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Muzokaralar bo‘yicha Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi qaror qiladi

Koreya yarim orolida tinchlik yo‘lida boshlangan muzokaralar fonida Olimpiya Qo‘mitasi shimolik koreyalik sportchilar uchun ishtirokchilarni ro‘yxatga olish muddatini noma’lum muddatga uzaytirdi. Hozircha, to‘rt yilning eng muhim sport musobaqasida KXDR tomonidan qaysi sportchilar ishtirok etishi aniq emas.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi shimollik sportchilarning musobaqalarda ishtirok etishini doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shunga qaramay, 2018-yili Koreya Respublikasida o‘tadigan qishki o‘yinlarda KXDRdan ishtirokchilarning qatnashishi noma’lumligicha qolayotgan edi.

Yaqin vaqtlar ichida XOQ shimolliklarning musobaqada ishtirok etishiga erishish uchun barcha tomonlar bilan muzokaralarni davom ettiradi.

“Bu o‘rinda, natijaga erishish Koreya yarim orolidagi vaziyatga bog‘liq holda, ushbu qarorni qabul qilish uchun barcha manfaatdor taraflarning siyosiy irodasi kerak, – deydi XOQ vakili “Reuters”ga bergan intervyusida.

Ayni paytda, Shimoliy Koreya sportchilari bitta musobaqa yo‘llanmasiga ega. Jumladan, Txe Ok Yem va Chu Sik Kimga Olimpiya musobaqalarida ishtirok etish huquqi berilgani aytiladi XOQ ma’lumotida.

Yarim oroldagi vaziyat yumshamoqda: AQSh va Yaponiya sa’y-harakatlarni qanday baholamoqda? 

Amerika vitse-prezidenti Maykl Pensning fikricha, KXDRning Janub bilan munosabatlarni tiklashga urinishi AQShning “misli ko‘rilmagan” iqtisodiy va siyosiy bosimi natijasidir.

“AQSh bu bosimni Koreya yarim oroli yadro qurolidan xoli hududga aylanmaguncha davom ettiradi”, deydi Maykl Pens.

Vitse-prezident munosabatlardagi ijobiy qadamlarga erishishda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ham o‘z hissasini qo‘shganini qayd etgan.

Bundan avval Yaponiya ham KXDR sportchilarining qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi, tinchlik yo‘lidagi ittifoqchilarning Shimolga nisbatan bosimning yumshatilishini anglatmasligini ma’lum qilgandi. Ular ham mintaqada to‘liq xavfsizlik ta’minlanmaguncha birgalikdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlashgan edi.

 

O‘zA