Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda jami 7 ming 423 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan edi. bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan paxta dalalaridagi g‘o‘zalarni tomchilatib sug‘orish tadbirlari boshlandi.
Qonliko‘l tumani “Jana qal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Abdullayev Daryaboy” fermer xo‘jaligida joriy yil hosili uchun ekilgan 28 gektar paxta maydonining 25 gektarida g‘o‘zalarni tomchilatib sug‘orish ishlari amalga oshirilmokda. Buning uchun “Agrobank” tomonidan ajratilgan 625 million so‘mlik kredit mablag‘i hisobidan suvni tejovchi texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.
–Xo‘jaligimizning umumiy ekin maydoni 92 gektarni tashkil etadi, -deydi fermer xo‘jaligi rahbari Daryaboy Abdullayev. – Joriy yil davlat xirmoniga 100 tonna paxta hosilini yetishtirib topshirishni rejalashtirganmiz. Hozirda g‘o‘zaning rivojlanishi yaxshi, zarur agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilyapti. G‘o‘za qator oralarini kultivatsiyalash, suspenziya sepish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlarini amalga oshiryapmiz. Asosiysi, dehqonlar suvni tejovchi usulning afzalligini yaxshi tushunib yetdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA