Mamlakatimizda yoshlar va xotin-qizlar bandligi ta’minlash, ijtimoiy masalalarini o‘rganib hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar hayotga tadbiq etilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida sektorlar kesimida “mahallabay”, “fuqarobay” tizimi asosida uyma-uy yurib, har bir ayol bilan suhbatlashilib, ularning orzu umidlari va maqsadlari tinglanmoqda. “Ayollar daftari” ro‘yxatiga asosan ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bandligini ta’minlashga ehtiyoji bo‘lgan 30 yoshdan yuqori xotin-qizlar kiritilgan.
Tuman 2-sektori tomonidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar qisqa vaqt ichida o‘z samarasini bermoqda. Xususan, tumandagi “Atauba” ovul fuqarolar yig‘inida 30 nafar kasb-hunarga ega bo‘lgan ayolni kooperatsiyaga birlashtirish natijasida junni qayta ishlash va gilam to‘qish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. E’tiborga molik jihati shundaki, ayollar shahar markazidan uzoq bo‘lgan hududda ham o‘zlarining daromadiga ega bo‘lishi bilan birga madaniy qadriyatlarimizni qayta tiklash orqali yosh avlod vakillariga ustoz-shogird an’analari asosida hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘ymoqda.
– Tuman 2-sektori rahbarining tashabbusi bilan hududimizdagi bӯsh turgan bino qayta ta’mirlanib, junni qayta ishlash sexi tashkil etildi, – deydi “Atauba” ovul fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Qurbangul Yagmurova. –Natijada “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ishsiz ӯtirgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Ayni kunda bu yerda gilam, jundan kigiz hamda kiyim-bosh ishlab chiqarilmoqda. Kelgusida kooperatsiya faoliyatini yanada kengaytirish nazarda tutilmoqda.
“Shodlik” mahallasida yashovchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan Oygul Abdullayeva ishsiz edi. U gul parvarishiga qiziqadi. Ayolning qiziqishi va mehnat qilishga bo‘lgan ixlosi e’tiborga olinib, unga gul yetishtirishda issiqxona tashkil qilish uchun bank tomonidan jami 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishida sektor mas’ullari amaliy yordam ko‘rsatdi. Endi u o‘zi bilan birga yana 3 nafar oila a’zosini ham doimiy ish bilan ta’minlashga erishdi. Oilaning qo‘shimcha daromadi bor.
– Issiqxonamizda 100 turdan ortiq gulimiz bor, – deydi gulchi Oygul Abdullayeva. – Bo‘sh qoldim deguncha gullar bilan “so‘zlashib”, ularni parvarish qilaman. Endi katta issiqxonada pomidor va bodring ko‘chatlarini, mahsulotlarini ham yetishtirishni rejalashtirmoqdaman.
Sektor mas’ullari ayollar daftaridagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning hayotiy muammolarini bartaraf etishga yordam berish bilan birga “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi yoshlar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Sektor hududidagi 1263 nafar uyushmagan yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ularni doimiy va jamoat ishlariga jalb qilish, imtiyozli kredit, subsidiya, yer maydonlari ajratilishi natijasida ularning bandligini ta’minlash, “Ustoz-shogird” hamda “1+1” dasturi asosida ularni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha aniq manzilli rejalar ishlab chiqilgan.
– Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning bӯsh vaqtlarini mazmunli ӯtkazish, xotin-qizlarni qӯllab-quvvatlash borasida sektorlar kesimida “mahallabay”, “xonadonbay” tizimida ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi To‘rtko‘l tuman prokurori Muzaffar Matchanov. – Jumladan, 2-sektor hududida 319 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularga 9 ta ustuvor yo‘nalishda amaliy yordam ko‘rsatilishi natijasida 67 nafari doimiy va jamoat ishlariga jalb etildi, 50 nafari kasbga qayta tayyorlanib, kasanachilik asosida bandligi ta’minlandi. Ӯzining tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 68 nafar ayolga 496 million so‘m kredit ajratildi. Bundan tashqari, bugungi kungacha 516 nafar yoshning bandligi ta’minlandi, 25 nafariga 600 million sӯmdan ziyod kredit ajratildi. Shuningdek, 410 nafariga 125 gektar yer maydoni ajratilib, 8 nafariga subsidiya asosida kerakli uskunalar olib berildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va chiqarilgan yoshlardan tashqari umumiy ӯrta ta’lim maktablari va kollejlarni tugatgan 2500 nafardan ziyod yoshni ish bilan ta’minlash bӯyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” – muammolar yechimiga eltuvchi yo‘l sifatida butun mamlakatimiz hududlarda keng quloch yozdi. Asosiysi, bunday xayrli ishlar tizimli davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA