Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlarini bugungi bayram – Yoshlar kuni bilan tabrikladi.

– Hech shubhasiz, ushbu ayyom O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tayotgani, unga yanada chuqur mazmun va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlamoqda.

Shu kunlarda eng ulug‘ va eng aziz bayramimizni munosib kutib olish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi-yangi sanoat korxonalari, zamonaviy uy-joylar, kommunikatsiya va infratuzilma tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilmoqda.

Albatta, butun xalqimiz qatori, Sizlar ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etmoqdasiz.

Yurtimiz bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan festivallar, barcha yoshlarimiz uchun yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘ldi.

Ushbu festivallar bundan buyon nafaqat viloyat markazlarida, balki har bir tuman va shaharda o‘tkazib boriladi, ularda ko‘tarilgan masalalar yechimi bo‘yicha, har yili Hukumat alohida dasturlar qabul qiladi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan umumxalq harakati saflarida Siz, aziz yoshlarimizning qudratli to‘lqin bo‘lib maydonga chiqayotganingiz, alohida tahsinga sazovordir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.