Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan «Sanitariya-epidemiologiya xizmati kubogi» spartakiadasining final bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqaga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi Ellikqal’a, Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Shumanoy, Qonliko‘l, Xo‘jayli, Chimboy, Qorao‘zak, Nukus tumani va Nukus shahri bo‘limlari ishtirok etdi.

Spartakiada ishtirokchilari sportning 6 ta turi bo‘yicha, ya’ni erkaklar o‘rtasida futbol, stol tennisi, yengil atletika, xotin-qizlar o‘rtasida esa volleybol, shashka va 50 yoshdan oshgan ayollar o‘rtasida darts sport turlari bo‘yicha kuch sinashdi.

– Sport tadbirini o‘tkazishdan maqsad, mehnat jamoasida xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini joriy etish, sportga qiziquvchilarni qamrab olishdir, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Sarbinaz Utemuratova. – bu kabi tadbirlar orqali biz shu maqsadlarga erishamiz, albatta.

Spartakiada musobaqalari yakuni bo‘yicha birinchi o‘rinni Chimboy tumani, ikkinchi o‘rinni Ellikqal’a tumani va uchinchi o‘rinni Nukus shahri bo‘limlari egalladi. Shuningdek, ishtirokchilar to‘rtta – «Eng keksa ishtirokchi», «Eng mohir havaskor sportchi», «G‘oliblikka intilishi uchun», «Eng yosh ishtirokchi» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.

Musobaqa g‘oliblari, ishtirokchilari hamda tashkilotchilar Kasaba uyushmasi qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarmasi tomonidan sovg‘alar va dipomlar bilan taqdirlandi.

 

Ye.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), O‘zA