Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan loyihada 15 aprel sanasini «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni», deb belgilash taklif qilinmoqda.
Mamlakatimizda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash hamda targ‘ib etish, xalq og‘zaki ijodiyoti va havaskorlik san’atini yanada ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bunda madaniyat va san’at sohasi fidoyilarining munosib hissasi bor.
Shu nuqtai nazardan, qonun loyihasida mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan hamda yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash ko‘zda tutilyapti.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
N.Nasriyev, O‘zA