Joriy yil oktyabrda bo‘ladigan ulkan siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari talabiga to‘la javob beradigan milliy saylov qonunchiligimiz asosida yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi oldida turgan muhim va mas’uliyatli vazifadir.

Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan eng dolzarb vazifalar ijrosiga jiddiy e’tibor qaratgan. Saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish uchun saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yangicha yondashiladi.

Shu jihatdan MSKning bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev olib bordi.

Markaziy saylov komissiyasi yaqinda qabul qilgan va ijrosiga jadal kirishilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish va tayyorlashga doir muhim vazifalar belgilangan edi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini, saylov jarayonlari sohasidagi huquqiy bilimini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

– Milliy saylov amaliyotimizdan ham, xorijiy davlatlar saylov amaliyotidan ham bizga yaxshi ma’lumki, saylov jarayonidagi asosiy bo‘g‘in bu saylov uchastkalaridir, – deydi Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov. – Nega deganda mamlakatimiz misolida olib qarasak, 20 million atrofidagi saylovchimiz saylov kuni bevosita saylov uchastkasiga borib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz beradi. Saylov uchastkasida saylovchilar o‘z xohish- irodasini erkin ifoda etishiga, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar emin-erkin kuzatuvni amalga oshirishiga qanchalik qulay sharoit va imkoniyat yaratilgan bo‘lsa, ushbu saylovlar ochiq-oshkora, qonuniylik, xolislik va oshkoralik prinsiplariga to‘la amal qilgan holda tashkil etilsa, xalqimiz davlatdan ham, jamiyatdan ham rozi bo‘ladi. Bu o‘z navbatida xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham ijobiy baholanishi va e’tirof etilishi tabiiy. Buning uchun nima qilish kerak? Eng avvalo, mazkur saylov uchastkalarida faoliyat yuritadigan uchastka saylov komissiyalari a’zolari milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.

Jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich tashkiliy-uslubiy ishlarni qamrab oladi. Bunda o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlanadi, trenerlar tarkibi shakllantiriladi, “Saylov-2021” mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda saylov qonunchiligi bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning (a’zolarni) malakasini oshirish va tayyorlash rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga e’tibor kuchaytirilib, simulyatsiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test usullari faol qo‘llaniladi.

Ta’kidlash joizki, Konsepsiyani ishlab chiqishda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha Missiyasi Yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalar hisobga olingan.

Jumladan, saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilishning, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishda saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, shu jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi haqidagi mashg‘ulotlar ham o‘rin olgan. Keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid bilim hamda ko‘nikmalarining oshishi, shuningdek, saylov tizimi va amaliyotining yanada takomil topishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi o‘rtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.

 

Nurillo Nasriyev,O‘zA